Click aksiyadorlik jamiyati 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi uchun moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, kompaniya ushbu davrni 276 mlrd so‘m (22 mln 906 ming dollar) sof foyda bilan yakunlagan.
Bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 7 mlrd so‘mga yoki 2,4 foizga kamdir.

Infografika: tanga.uz
Kompaniya foydasining kamayishini soliq to‘lovlari va boshqa xarajatlarning ortgani bilan izohlash mumkin.
Sababi, kompaniyaning to‘qqiz oylik tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 155 mlrd so‘mga yoki 31 foizga ko‘payib, 658 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Click o‘tgan yilning mos davrida 900 mln so‘m foyda solig‘i to‘lagan bo‘lsa, joriy davrda bu xarajat 49 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning 1-aprel sanasidan Click kabi to‘lov tashkilotlariga IT Park rezidentligi doirasida taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilingandi.
Kompaniyaning ushbu davrda soliq to‘lovlari bilan birga boshqa xarajatlari ham oshgan.
Jumladan, davr xarajatlari 345 mlrd so‘mga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 115 mlrd so‘mga yoki 50 foizga ko‘paygan.
Avvalroq, Paynet to‘lov tashkilotining ham ushbu to‘qqiz oylik davr uchun moliyaviy ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot bergandik.
