Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon markaziy banklari milliy QR-to‘lov tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish mexanizmini 2026-yil oxirigacha ishlab chiqishga kelishdi. Kelishuvga 22–23-oktabr kunlari Tojikistonda o‘tkazilgan to‘rtinchi mintaqaviy uchrashuvda erishildi.
Uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Ozarbayjon markaziy (milliy) banklari vakillari to‘lov tizimlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Qozog‘iston Milliy banki 29-oktabr kuni xabar berdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Qozog‘iston tomonining milliy QR-to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha yondashuvlarini qo‘llab-quvvatladi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik mexanizmini joriy yil oxirigacha aniq ishlab chiqishga kelishib oldi.
Fuqarolar uchun nima o‘zgaradi?
Mexanizm ishga tushsa, besh davlat fuqarolari safar chog‘ida xarid va xizmatlar uchun o‘zlari odatlangan bank mobil ilovasi orqali QR-kod bilan to‘lay oladi. Shuningdek, ular bir-biriga real vaqt rejimida pul jo‘natishi va qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Uchrashuvda transchegaraviy to‘lovlar istiqboliga alohida e’tibor qaratildi. Unda milliy tezkor to‘lov tizimlari va raqamli valyutalarni o‘zaro bog‘lash yondashuvlari taqdim etildi.
Qozog‘iston tajribasi
Qozog‘iston Milliy banki Milliy raqamli moliyaviy infratuzilma bo‘yicha natijalarini taqdim etdi. Unga Milliy to‘lov tizimi, biometrik identifikatsiya platformalari, raqamli tenge, ochiq banking va Milliy antifrod markazi kiradi.
Qozog‘iston tomoni raqamli tenge loyihasini amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, telefon raqami orqali o‘tkazmalar va QR-kod bilan to‘lovlarni ta’minlovchi Banklararo mobil to‘lovlar tizimi haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Qozog‘iston raqamli aktivlarni tartibga solish va axborot almashish bo‘yicha qo‘shma choralarni taklif qildi.
Muhokama qilingan boshqa masalalar
Tomonlar tezkor to‘lov tizimlari, QR-kod standartlari, moliyaviy inklyuziya va masofaviy identifikatsiya tizimlari bo‘yicha tajriba almashdi. Shuningdek, to‘lov infratuzilmasini kiberhujumlardan himoya qilish, nazoratda sun’iy intellekt, SupTech va RegTech texnologiyalarini qo‘llash hamda firibgarlikka qarshi kurash masalalari ko‘rib chiqildi.
Avvalroq,O'zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan barcha savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun QR-kod orqali to‘lov qabul qilish majburiy bo‘lishi haqida yozgandik.
2025-yil sentyabrida Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon markaziy banklari vakillarining mintaqaviy uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda to‘lov tizimlari, kiberxavfsizlik va fintex bozorini tartibga solish masalalari muhokama qilingandi.
