Uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha mavjud 51 ta to‘lov tashkilotidan (maqola yozilayotgan vaqtda) 38 tasining moliyaviy ko‘rsatkichlari e’lon qilindi.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida ma’lumotlari ochiqlangan tashkilotlarning umumiy sof foydasi 1 trln 452 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Bu o‘tgan yilning mos davridagi 1 trln 855 mlrd so‘mlik ko‘rsatkichdan 403 mlrd so‘mga yoki 22 foizga kamdir.
Foydaning bunday pasayishi Solution Lab aksiyadorlik jamiyati foydasining keskin kamayishi hisobiga yuz bergan.
Kompaniya o‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyida 471 mlrd so‘m sof foyda ko‘rgan bo‘lsa, joriy davrni 294 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.
.jpg)
Infografika: tanga.uz
Shuningdek, Zaytun Tech tashkilotining ham foydasi 76 mlrd so‘mga kamayib, 25 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Umuman olganda, ushbu davrni 38 ta to‘lov tashkilotining teng yarmi foyda bilan, qolgan yarmi esa zarar bilan yakunlagan.
Sof foyda miqdori bo‘yicha Paynet birinchi o‘rinda qayd etilib, kompaniya foydasi 780 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Payme hamda Click to‘lov tashkilotlarining sof foydasi esa mos ravishda 315 mlrd so‘m va 276 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Aynan shu uchta kompaniyaning sof foydasi tahlil qilingan to‘lov tashkilotlari jami sof foydasining 94 foiziga tengdir.
Ushbu to‘qqiz oylik davrda sof foydaning o‘sishi bo‘yicha Whirl kompaniyasi birinchi o‘rinda — 153 foizlik o‘sish.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq to‘lov tashkilotlarining yarim yillik sof foydasi bo‘yicha ma’lumot bergandik.
