2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda 356 ming 318 dona yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 30 mingtaga yoki 9,2 foizga oshgan.
Ushbu davrda ishlab chiqarilgan avtomobillar orasida eng katta ulush Cobalt rusumiga to‘g‘ri keldi. To‘qqiz oy davomida mazkur modeldan 120 ming 672 dona ishlab chiqarilgan.
Boshqacha aytganda, mamlakatda ishlab chiqarilgan har uchta yengil avtomobilning biri Cobalt hissasiga to‘g‘ri kelgan.
O‘tgan yilning mos davrida 116 mingta Cobalt ishlab chiqarilgan edi. Bundan ko‘rinadiki, joriy yilda ushbu modelni ishlab chiqarish hajmi 4 ming 664 donaga yoki 4 foizga oshgan.
Biroq hozircha ushbu modelning qanchasi sotilgani haqida ma’lumot berilmagan.
O‘zavtosanoat bu bo‘yicha statistikani oxirgi marta joriy yilning birinchi yarim yilligi uchun taqdim etgandi. Undan keyingi davr uchun mazkur statistika e’lon qilinmay kelmoqda.
Yarim yillik ma’lumotlarga ko‘ra, 82 ming 951 dona Cobalt ishlab chiqarilgan bo‘lib, shundan 40 ming 936 tasi ushbu davrda sotilgan.
Bu yarim yilda ishlab chiqarilgan har ikkita Cobalt modelidan bittasi sotilganini ko‘rsatadi.
Avvalroq UzAuto Motors kompaniyasining to‘qqiz oylik sof foydasi qariyb 2 barobarga kamayib ketgani haqida ma’lumot bergandik.
