Cobalt yarim yilda ishlab chiqarilganidan ikki barobar kamroq sotildi.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 235 794 dona avtomobil ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26 800 donaga yoki 12,8 foizga ko‘pdir.
Eng ko‘p ishlab chiqarilgan model Cobalt bo‘lib, olti oy ichida 82 951 dona ishlab chiqarilgan.
Biroq ushbu davrda modelning sotuvi ishlab chiqarilgan miqdordan deyarli ikki baravar kam bo‘lib, 40 936 donani tashkil etgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning birinchi yarmida 67 580 ta Cobalt avtomobili sotilgan edi (bu joriy ko‘rsatkichdan 65 foizga ko‘p).
Yarim yillik natijalaridan so‘ng, UzAuto Motors kompaniyasi Cobalt modelini mijozlarga turli imtiyozlar asosida taklif qila boshladi.
15-iyul kuni kompaniya model uchun yillik 0 foiz stavkada muddatli to‘lovni taklif qildi.
Bunda avtomobil narxining 65 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lov qilinsa, 0 foizlik stavka amal qiladi.
UzAuto Motors ulushi kamaymoqda
So‘nggi yillarda UzAuto Motors kompaniyasining mahalliy avtomobil bozoridagi ulushi pasayib bormoqda.
Xususan, 2026-yilning birinchi yarmida kompaniya 136 072 ta avtomobil sotgan.
Bu o‘tgan yilning mos davridagi sotuvlardan 5 897 donaga yoki 4,15 foizga kamdir.
Shuningdek, kompaniyaning mahalliy bozordagi ulushi ushbu davrda 82,4 foizdan 77,6 foizga tushgan.
Kompaniyaning ommabopligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Damas modeli ham bu davrda ishlab chiqarilganiga qaraganda kamroq sotilgan.
2026-yilning birinchi yarmida 42 663 ta Damas avtomobili ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shu davrda 34 286 ta sotuv amalga oshirilgan.
Kompaniyaning daromadi ham pasaymoqda. 2024-yilda kompaniya 4 mlrd 239 mln dollar daromad ko‘rgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 3,75 foizga kamayib, 4 mlrd 80 mln dollarni tashkil etgan.
.jpg)