12-noyabr kuni UzAuto Motors aksiyadorlari navbatdan tashqari umumiy yig‘ilish o‘tkazib, kuzatuv kengashi tarkibini yangiladi.
Kengashning amaldagi tarkibi barcha a’zolarining vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, to‘qqiz kishilik yangi tarkib saylandi.
Yangi tarkibga avvalgi a’zolardan Ilhomjon Tog‘ayev, Saidazim Gulyamov va Olimjon To‘ychiyev qayta saylangan.
Shuningdek, Bekzod Yusupov, Andrey Dikan, Saidjon Qodirov, Serjio Rocha, Vlamir Jiardini hamda Uilyam Bertangi kengash a’zoligiga kiritildi.
Avvalgi tarkibdan Bahrom Axunov, Nozimjon Nabiyev, Qudratjon Baymirzayev, Robert Valter Gayst, Shariq Vali Xon va Filip Kemeron Jonston chiqarilgan.
Qayta saylangan ikki nafar va yangi saylangan bir nafar kuzatuv kengashi a’zosi UzAuto Motors bilan bog‘liq kompaniyalarda faoliyat yuritadi.
Jumladan, Bekzod Yusupov — UzAuto PV bosh direktori, Ilhomjon Tagayev — uning maslahatchisi, Saidazim Gulyamov esa UzAuto Motors Powertrain boshqaruvchi direktori.
Ochiq manbalarda keltirilishicha, yangi saylangan a’zolardan Serjio Rocha hamda Vlamir Jiardini General Motors kompaniyasida sakkiz yil davomida turli lavozimlarda ishlagan.
Xususan, Serjio Rocha kompaniyaning Janubiy Amerika mintaqasi bo‘yicha katta maslahatchisi, Vlamir Jiardini esa ta’minot zanjiri direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors joriy yilning to‘qqiz oyida sotuvi kamayib borayotgan Cobalt modelini ishlab chiqarishni 4 foizga oshirgan.
