O‘zbekistonda UZCARD va HUMO milliy to‘lov tizimlari kartalarini Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratildi.
Hozircha xizmatga Xalq Banki chiqargan UZCARD hamda Octobank chiqargan HUMO kartalarini ulash mumkin.
Endi ushbu banklarning mijozlari o‘z kartalarini Apple Wallet ilovasiga qo‘shib, iPhone yoki Apple Watch orqali kontaktsiz to‘lov qilsa bo‘ladi.
Kelgusida boshqa tijorat banklari chiqargan milliy kartalarni ham Apple Pay xizmatiga ulash imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, bu banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorgarligiga bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, 27-oktyabr kuni O‘zbekistonda Apple Pay xizmati rasman ishga tushirilgandi.
Dastlab xizmat orqali ayrim tijorat banklari chiqargan Visa va Mastercard kartalari bilan to‘lov qilish mumkin edi.
