Beeline egasi O‘zbekiston bank bozoriga kirmoqchi

20.11.2026 07:43
O'zbekchaРусский
Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan VEON guruhi O‘zbekiston bank bozoriga kirish niyatida. Kompaniya mavjud bankni sotib olish yoki yangisini tashkil etish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
Beeline egasi O‘zbekiston bank bozoriga kirmoqchi

Foto: VEON

Beeline Uzbekistan egasi bo‘lgan VEON guruhi O‘zbekistonda moliyaviy xizmatlar yo‘nalishini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Bu haqda kompaniya rahbariyati 16-noyabr kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan kapital bozorlari kunida ma’lum qildi.

Tadbirda VEON kompaniyasining to‘lovlar va raqamli aktivlar bo‘yicha direktori Ahmet Kayhan O‘zbekiston va Qozog‘istonda bank litsenziyasini olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotganini aytdi.

O‘zbekiston va Qozog‘istonda ham bank litsenziyasini olishni ko‘zlamoqdamiz. Bunda mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, tayyor bankni sotib olish yoki yangisini ochish variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz — dedi Ahmet Kayhan.

Ma’lumot uchun, VEON guruhining O‘zbekistondagi Beepul fintex xizmati elektron hamyon va mikrokredit xizmatlarini taklif etadi.

Kompaniya taqdimotida keltirilishicha, joriy yilning uchinchi choragi yakuniga kelib, Beepul xizmatidan faol foydalanuvchilar soni 800 ming nafarga yetgan.

Bank litsenziyasiga ega bo‘lish kompaniyaga to‘lov xizmatlaridan tashqari, bank faoliyatini ham yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bu esa mijozlardan omonatlar jalb qilish va kreditlash xizmatlarini kengaytirishga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, VEON O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi xalqaro pul o‘tkazmalari xizmatlarini rivojlantirishni ham istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida baholamoqda.

Ma’lumot o‘rnida, guruh ikkala mamlakatda ham Beeline aloqa operatoriga egalik qiladi.

Sug‘urta xizmatlari ham rejalarda

Ahmet Kayhan O‘zbekiston va Qozog‘istonda bank litsenziyasidan tashqari, sug‘urta litsenziyasini olish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.

Bu orqali kompaniya elektron hamyon va bank xizmatlari bilan bir qatorda, sug‘urta mahsulotlarini ham o‘z moliyaviy xizmatlari ekotizimiga qo‘shishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, VEON guruhi joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda Perfectum aloqa operatorini 207 mln dollarga sotib olgandi.

#veon#beeline

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan