Turonbank so‘nggi kunlarda bank boshqaruv raisi Chori Mirzayev bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Bank matbuot xizmati tarqalayotgan xabarlar jamoatchilikda savollar tug‘dirishi mumkinligini tushunishini bildirgan.
Biroq bayonotda boshqaruv raisi qo‘lga olingani haqidagi xabarlar na tasdiqlangan, na rad etilgan.
Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda bankning faoliyati belgilangan tartibda davom etmoqda.
Bank o‘z faoliyatini belgilangan tartibda davom ettirmoqda. Mijozlarga bank xizmatlari markazlari, ofislar va raqamli platformalar orqali xizmat ko‘rsatish davom etmoqda. Bankning omonatchilar, mijozlar, investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari o‘z kuchida qoladi — deyiladi bankning rasmiy bayonotida.
Shuningdek, bank faoliyati korporativ boshqaruv, ichki nazorat va amaldagi qonunchilik talablari asosida tashkil etilganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 20-noyabr kuni Kun.uz nashri Turonbank boshqaruv raisi Chori Mirzayevning yirik miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirishda gumonlanib, qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.
