O‘zbekiston hukumati Jahon bankidan 800 mln dollar mablag‘ jalb qilmoqda. 25-noyabr kuni bankning Ijrochi direktorlar kengashi ushbu moliyalashtirish paketini ma’qulladi.
Bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, jalb etilgan mablag‘lar mamlakatdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Jumladan, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini ko‘paytirish va xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushini kengaytirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro savdodagi ishtirokini oshirish, xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va tabiatga yetkaziladigan zararni kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Mablag‘lar hisobiga qilinishi rejalashtirilgan islohotlar
1. Ijtimoiy sug‘urta qamrovini, jumladan, homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalarni kengaytirish.
2. Xavfsiz mehnat sharoitlarini va ish joyida munosib munosabatni ta’minlaydigan mexanizmlarni mustahkamlash.
3. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va oilalarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida ijtimoiy xodimlarning kasbiy malakasini oshirish.
4. Keng polosali internetdan foydalanuvchilar sonini yana 500 ming nafarga ko‘paytirish.
5. Fermerlarning 35 foizini qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi bilan qamrab olish.
6. Elektr energiyasi iste’molchilarining 15 foiziga xususiy operatorlar boshqaruvidagi taqsimlash tarmoqlari orqali xizmat ko‘rsatish.
7. Energiya samaradorligini oshirishga 10 mln dollar miqdorida xususiy investitsiyalar jalb qilish.
8. Taqsimlangan qayta tiklanuvchi energiya quvvatini 3 ming megavattga yetkazish.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim sifatini yaxshilashga 100 mln dollar ajratishni ma’qullagandi.
