2024-yilning 2-oktyabrida "Invest Group Centre" AJning 100 foizlik davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlangan edi.
2025-yilning 23-mayiga kelib esa korxona sotilgani ma’lum qilindi.
Savdo ochiq tender asosida o‘tkazilib, unda 3 ta kompaniya ishtirok etdi.
Yakunda 297,9 mlrd so‘m (joriy kurs bo‘yicha 23,06 mln dollar) miqdoridagi taklif bilan "Kapitalbank” AJ g‘olib bo‘ldi.
Lotning yangi egasi sifatida Kapitalbank korxonaning kelgusi faoliyatiga oid quyidagi shartlarni qabul qildi:
- aktiv va sport-sog‘lomlashtirish majmuasining faoliyat turini uning balansida 10 yil muddatga saqlash;
- aktiv balansida bo‘lgan sport-sog‘lomlashtirish majmuasi hududida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga mos kelmaydigan bino va inshootlarni qurishni taqiqlash (ta’mirlash ishlari bundan mustasno);
- Har qanday ta’mirlash va tiklash ishlari faqat arxitektura va shaharsozlik kengashining ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2008-yilda tashkil etilgan "Invest Group Centre" MChJ turli xil sport turlari bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallangan sport inshootlarini boshqarish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Uning asosiy faoliyati suzish havzalari, sport zallari, futbol maydonlari, mini-futbol maydonchalari va tennis kortlarini boshqarishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 22-may kuni UzAuto Motors avtomobillari uchun oyna yetkazib beruvchi Avtooyna zavodi xususiy korxonaga 200,5 mlrd so‘mga sotilgani ma’lum bo‘lgandi.