Sud Octobank va Humans ishida bank foydasiga qaror chiqardi

14.06.2025 09:14
Octobank 500 mlrd so'm zarar bo'yicha Humans'ni sudga bergani haqida aytilgandi.13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi "Octobank" AJ va "Humans" MCHJ o‘rtasidagi nizo bo‘yicha qaror qabul qilgan. Unga ko'ra, "Humans" MCHJ zimmasiga bank oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyati yuklatilgan. Humans vakillari sudning yopiq ko'rilishini so'ragani ta'kidlandi.
Sud Octobank va Humans ishida bank foydasiga qaror chiqardi

Foto: Humans

Avvalroq, Octobank tomonidan "Humans" MCHJga nisbatan jami 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlik va zararlarni undirish bo‘yicha da’vo ishi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko'rilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Octobank matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 13-iyun kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi "Octobank" AJ va "Humans" MCHJ o‘rtasidagi nizo bo‘yicha qaror qabul qilgan. Unga ko'ra, "Humans" MCHJ zimmasiga bank oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyati yuklatilgan.

Shuningdek, Octobank shu kunning o'zida soat 18:00 dan boshlab kliring va Humans moliyaviy xizmatlari doirasida chiqarilgan kartalar bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Huquq sohasi bo'yicha jamoat faoli, bloger Zafarbek Solijonov ushbu sud ishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. Biroq, yakuniy qaror chiqariladigan kuni Humans tomoni sud ishini yopiq ko'rilishini talab qilgan.

O‘tgan safar iqtisodiy sudda xolis kuzatuvchi sifatida qatnashgandim. Kuzatuvchi sifatida o‘tirib, indamay chiqib ketgandim...
Bugunam (13-iyun, tahr) shunaqa qilayotgandim. Ishda ishtirok etuvchilar bloger ekanimni bildi. Ularga jarayon haqida to‘liq post yozmasligim, bank siriga doir ma’lumotlar bo‘lsa, ular haqida umuman ma’lumot tarqatmasligimni, bunga javobgarlik borligini bilishimni aytdim. Qizig‘i, Octobank bunga rozi bo‘ldi, shartnoma bo‘yicha haq ekani, yashiradigan hech narsasi yo‘qligini aytdi. Biroq men shu vaqtgacha hukumatga investor huquqlarini ta’minlang, ish sud doirasida adolatli hal bo‘lsin deya yonini olayotganim — Humans kompaniyasi vakillari sudni yopiq ko‘rishni so‘radi. Qiziq, - deb yozdi bloger kanalida.

Sud qarori e'lon qilingani haqida yozar ekan, Z. Solijonov postini "sud jarayoni shaffofligidan qochgan kompaniya "dodi"ga endi hech kim ishonmasa kerak. O‘ziga o‘zi qildi" deya yakunlagan.

#humans#Octobank

Eng ko'p o'qilgan