Magnum chakana savdo tarmog‘i O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlamoqda. Bu haqda Forbes.kz nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, tarmoqning ayrim supermarketlari allaqachon yopilgan. Qolganlari esa qolib ketgan tovarlarni sotib tugatish arafasida turibdi.
Magnum’ning O‘zbekistonga kirib kelishi
Qozog‘istonning Magnum Cash&Carry chakana savdo tarmog‘i O‘zbekiston bozoriga 2021-yilning dekabr oyida kirib kelgan edi.
Kompaniya dastlab Toshkent shahrida 5 ming kvadrat metrlik gipermarket, keyinroq esa supermarket formatidagi ikkinchi savdo nuqtasini ochadi.
O‘shanda kompaniya rahbari Azamat Usmonov O‘zbekiston bozoriga kirish uchun taxminan 2 yil vaqt ketganini hamda bozorga kirganining birinchi yilida 20 mln dollar sarmoya kiritish rejalarini ma’lum qilgandi.
2023-yilning avgust oyiga kelib, Magnum O‘zbekistondagi Carrefour supermarketlar tarmog‘iga egalik qiluvchi "Majid Al Futtaim LLC Uzbekistan" kompaniyasini sotib oldi.
Bu orqali Carrefour’ning O‘zbekistondagi oltita savdo nuqtasini qo‘lga kiritdi. Bularning beshtasi Toshkentda, bittasi esa Samarqand viloyatida joylashgan edi.
Rejaga ko‘ra, ularni o‘z brendi ostida qayta ishga tushirishi kerak edi. Shunday qilib, 2023-yilning noyabr oyiga kelib Magnum Toshkentda yettita do‘konga ega bo‘ldi.
O‘sha vaqtda Magnum logistika direktori Mixail Filippov Olmaotadagi savdo forumida Toshkentda yana o‘nta do‘kon ochish rejada borligini ma’lum qilgandi.
Kompaniya haqida
Forbes.kz nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonda Magnum Cash&Carry tarmog‘i faoliyatini 2007-yilda boshlagan.
Tarmoqqa tadbirkor Aleksandr Garber asos solgan. U Qozog‘istonning eng boy tadbirkorlari reytingida 35-o‘rinda turadi. Uning boyligi taxminan 297 mln dollarga baholangan.

Qozog'iston va Qizg'izistonda faoliyat yurituvchi Prima Distribution korxonasining egasi Aleksandr Garber
2014-yilga kelib, Kenes Rakishev tarmoqning 30 foiziga egalik qilishni boshladi. Keyinchalik Rakishev o‘z ulushini Vyacheslav Kimga sotdi.
Ma’lumot uchun, Vyacheslav Kim Kaspi ekotizimining asosiy aksiyadori hamda asoschilaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, u Qozog‘istonning eng boy tadbirkori bo‘lib, uning boyligi taxminan 7,1 mlrd dollarni tashkil etadi.

Foto: Kenes Rakishev hamda Vyacheslav Kim
2023-yilning fevral oyida Kaspi ekotizimi Magnum’ning qo‘shma kompaniyasi E-Magnum’ni rivojlantirish uchun 70 mlrd tenge (amaldagi kurs bo‘yicha 135 mln dollar) sarmoya kiritish orqali uning 90 foiziga egalik qilishi ma’lum bo‘ldi.
Keyinchalik, 2023-yil 3-fevralda Kaspi.kz’ning sho‘ba korxonasi - "Kaspi Do‘kon" MCHJ "Magnum E-commerce Qozog‘iston" MCHJning 51 foiz ulushini sotib oldi.
Bu kompaniyaning ustav kapitaliga 5 mlrd tenge (amaldagi kurs bo‘yicha 9,6 mln dollar) miqdorida pul mablag‘lari kiritilishi bilan birga amalga oshirildi. Yil davomida ulush 39,01 foizga oshib, 90,01 foizni tashkil etdi.
Ulushning qolgan 9,99 foizi "Magnum Cash&Carry" MCHJ savdo va chakana savdo tarmog‘ida qoldi. Magnum saytidagi ma’lumotga ko‘ra, tarmoq Qozog‘istonning 14 shahrida 200 dan ortiq savdo nuqtalariga ega hisoblanadi.
Chakana sotuvchi 24/7, super, ekspress va kundalik formatlarda faoliyat yuritmoqda.
