O‘zbekistonda eng yaxshi ish beruvchi kompaniyalar TOP-10 taligi e’lon qilindi

24.06.2025 07:45
Solidex qurilish kompaniyasi 2025-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda eng yaxshi ish beruvchi kompaniya bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinni Discover Invest qurilish kompaniyasi egallagan. Korzinka, Artel, TBC Bank hamda Uzum Market kompaniyalari esa TOP-10 talikdan joy olgan.
O‘zbekistonda eng yaxshi ish beruvchi kompaniyalar TOP-10 taligi e’lon qilindi

Foto: www.cvent.com

O‘zbekiston Bandlik vazirligi 2025-yilning yanvar-aprel oylariga ko‘ra, eng yaxshi ish beruvchi korxonalar TOP-10 ligini e’lon qildi.

Manba: Bandlik vazirligi

Birinchi o‘rin — "SOLIDEX" MChJ

Mazkur kompaniya 2024-yilning 26-dekabr sanasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, yuridik manzili Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan

Kompaniya asosan yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar qurilishi bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali esa 10 mln so‘mni tashkil etadi. Ustavdagi 100 foiz ulushga Haydarov Rustam Botirovich egalik qiladi.

Ikkinchi o‘rin — "DISCOVER INVEST" MChJ

Bu kompaniya ham Solidex kabi yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar qurilishi bilan shug‘ullanadi

U 2011-yilning 13-aprel sanasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ustav kapitali 135 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil qiladi. 

Kompaniyaning 90,5 foiz ulushi Israilov Ismail Irkinovichga tegishlidir. Bundan tashqari, Israilov "TELERADIOKOMPANIYA ZO‘R" MCHJning ham 50 foiziga egalik qiladi.

Uchinchi o‘rin — "ANGLESEY FOOD" MChJ

Ushbu kompaniya Korzinka supermarketlar tarmog‘ining egasidir. 

U 1996-yilning 30-dekabr sanasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, asoschisi Zafar Hoshimov hisoblanadi.

Kompaniyaning hozirgi ustav kapitali 826 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil qiladi. Ustavning 100 foiz ulushiga LIVA ILAC PAZ. SAN. VE TIC. A.S. korxonasi egalik qiladi. 

Mazkur korxonaning 100 foiz aksiyadori Yekaterina Sidelnikova hisoblanadi. 

Tarmoq hozirda 200 ga yaqin savdo nuqtasiga ega bo‘lib, ular sonini 1 mingtaga yetkazish maqsadida 110 mln dollar sarmoya jalb qilgandi.

To‘rtinchi o‘rin — "ARTEL ELECTRONICS" MChJ

Mazkur kompaniya Artel savdo belgisi ostida maishiy texnikalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi

Kompaniyaning 99 foiz ulushiga Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qilsa, qolgan 1 foiziga Nigora Ortiqxo‘jayeva egalik qiladi. 

Korxonaning hozirgi ustav kapitali qariyb 313 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Beshinchi o‘rin — "UZTEX GROUP" MChJ

Ushbu kompaniya 2010-yilning 30-sentyabr sanasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, asosan ustki kiyimlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi

Kompaniya ustav kapitali esa 300 mlrd so‘mdan ko‘proqni tashkil etadi.

Oltinchi o‘rin — "CALIK ENERJI SAN.VE TIC.A.S." DM

Bu tashkilot 2023-yilning 7-fevral sanasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, yuridik manzili Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan

U o‘z faoliyatini alohida xalqaro yoki maxsus huquqiy maqom asosida olib boruvchi eksterritorial tashkilot hisoblanadi. 

Uning faoliyati tijoriy maqsadga asoslanmagan. Shu sababli ustav kapitali 1 so‘mni tashkil qiladi.

Yettinchi o‘rin — "TBC Bank" MChJ

TBC Bank Gruziyaning TBC Bank Group tarkibiga kiruvchi raqamli banki hisoblanadi. U O‘zbekistondagi faoliyatini 2020-yilda boshlagan.

Sakkizinchi o‘rin — "ISHONCH-INJINERING" MChJ

Ushbu kompaniya 2014-yilda ro‘yxatdan o‘tgan. U asosan muhandislik obyektlarini qurish bilan shug‘ullanadi

Ustav kapitali 43 mln so‘mni tashkil etib, Shodiyor Shexmaxammadovga tegishli hisoblanadi.

To‘qqizinchi o‘rin — "UZUM MARKET" MChJ

Uzum Market O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan Uzum ekotizimining bir qismi hisoblanadi. 

U 2022-yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, xorijiy korxonadir. Kompaniyaning hozirgi ustav kapitali 404,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ustavning 100 foiz ulushi UMARKET SPV LTD’ga tegishlidir.

O‘ninchi o‘rin — "ROYAL THAY BRANCH" MChJ

Mazkur korxonaning yuridik manzili Farg‘ona viloyatida joylashgan. Korxona asosan qurilish-montaj ishlari bilan shug‘ullanadi. 

Ustav kapitali 14,4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ustavning 84,73 foiz ulushiga "BAXODIR LOG‘ON TEKSTIL" MChJ egalik qiladi.

Avvalroq, O'zbekistonda eng yaxshi ish beruvchi chakana savdo tarmoqlarining ro'yxati e'lon qilingan edi.

#anglesey food#bandlik vazirligi#TBC Bank

Eng ko'p o'qilgan