TBC Bank Group kompaniyasining O‘zbekistondagi barcha faoliyatini boshqaruvchi TBC Digital kompaniyasida Kuzatuv kengashi tashkil etildi. Bu haqda TBC Uzbekistan vakili tanga.uz nashriga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Kuzatuv kengashi raisi etib TBC Bank Group xalqaro biznes yo‘nalishi rahbari Oliver Xyuz tayinlangan. Bundan tashqari, u Tabby kompaniyasining Direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.
Xyuz o‘z mehnat faoliyati davomida Tinkoff bankida hamda Rossiyada Visa International kompaniyasida boshqaruv raisi lavozimida ishlagan.
Kuzatuv kengashi a’zosi — Devid Nangl
Devid Nangl VEF kompaniyasining bosh direktori va hammuassisi hisoblanadi. U ilgari Renaissance Capital’da moliyaviy tadqiqotlar bo‘limi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan. Uning moliyaviy xizmatlar sohasidagi tajribasi 20 yilni tashkil etadi.
Men Kuzatuv kengashi faoliyatiga hissa qo‘shish hamda Oliver Xyuz, Metyu Risli, Vaxtang Butskrihidze, Nika Kurdiani va umuman TBC Bank Group jamoasi bilan hamkorlik qilish imkoniyatidan faxrlanaman, - dedi Devid Nangl.
Ma’lumot uchun, Nika Kurdiani TBC Bank Group kompaniyasining O‘zbekistondagi biznesiga rahbarlik qiladi.
Kuzatuv kengashi a’zosi — Metyu Risli
Metyu Risli QED Investors kompaniyasining faxriy hamkori hisoblanadi. U QED’ga qo‘shilishidan oldin Klarna to‘lov xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli Yevropa startapida moliya direktori va kreditlash bo‘yicha direktor lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, TBC Digital boshqaruv kompaniyasi yopiq obuna orqali umumiy qiymati 4 trln 19 mlrd 760 mln so‘mlik oddiy aksiyalarni emissiya qilgandi.
