O'zbekiston MobiUz aloqa operatorini 300 mln dollarga sotishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, xususiylashtirish bo‘yicha tafsilotlaridan xabardor ikki shaxsning aytishicha, O‘zbekiston Yaqin Sharq va Yevropa investorlarining e’tiborini tortishga intilmoqda.
Bloomberg xabariga ko‘ra, brend qiymatiga qo‘shimcha mukofot ham kiritilishi mumkin, chunki davlat xaridorni boshqa mahalliy provayderlar bilan birlashtirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Kompaniyani sotib olishga Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va Yevropadan potensial investorlar dastlabki qiziqish bildirgan.
Ma'lum bo'lishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakili Bloomberg nashriga bu borada izoh berishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning 9-iyun kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi "Universal Mobile Systems" MChJ (Mobiuz brendi) ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayoni boshlanganini e’lon qilgandi.
Qiziqish bildirilgan rasmiy xatlarni taqdim etish muddati 1-avgustga belgilangandi. Rothschild & Co. bitim bo‘yicha yetakchi strategik va moliyaviy maslahatchi sifatida jalb etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning mobil aloqa bozorida 35,6 mln abonent mavjud bo‘lib, bularning 20,9 foizi MobiUz ulushiga to‘g‘ri keladi.
Kompaniya 2014-yilning dekabr oyidan beri faoliyat yuritib kelmoqda. 2024-yil yakuniga ko‘ra, uning sof tushumi 2 trln so‘mdan ortiqni va abonentlari soni 7,8 mln nafarni tashkil etmoqda.
