30-iyun kuni Tojikiston hukumati O‘zbekiston bilan Rog‘un gidroelektr stansiyasidan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuv loyihasini ma’qullovchi qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, elektr energiyasini xarid qilish bilan O‘zbekistonda elektr energiyasini markazlashtirilgan tarzda sotib olish va sotish vazifalarini bajaruvchi "O‘zenergosotish" korxonasi shug‘ullanadi.
Narx nol stavkali QQS hisobga olingan holda 1 kVt⋅soat uchun 3,4 sentni (taxminan 434,2 so‘m) tashkil etadi.
Yetkazib berishning ikkinchi yilidan boshlab narx har yili 1 foizga indeksatsiya qilinishi ma’lum qilindi.
Rog‘un GES’dan elektr energiyasi O‘zbekistonga 2018-yilda hamkorlikni qayta tiklagan Tojikistonning "Barqi Tojik" davlat kompaniyasidan import bilan bir vaqtda yetkazib beriladi.
Ta’minot kelishilgan jadval asosida, asosan O‘zbekiston yagona elektr energetika tizimida rejalashtirilgan taqchillik soatlarida amalga oshirilishi aytilmoqda.
Rog‘un GES qurilishi davrida yetkazib berish faqat vegetatsiya davrida (1-apreldan 30-sentyabrgacha), stansiya to‘liq quvvatga erishgandan so‘ng esa yil davomida, har oyda amalga oshirilishi ta’kidlandi.
Kelishuv uzaytirish imkoniyati bilan 20 yilga mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Rog‘un GES qurilishi 2016-yilda boshlangan. Birinchi agregat 2018-yil noyabrda, ikkinchisi 2019-yil sentyabrda ishga tushirilgan.
O‘zbekiston 2022-yildayoq yozgi talab ehtiyojini qoplash uchun ushbu stansiyadan elektr energiyasini sotib olish imkoniyatiga qiziqish bildirgan edi.
2024-yilda Qozog‘istonning ham O‘zbekiston infratuzilmasidan foydalangan holda Rog‘un GES elektr energiyasini import qilishni rejalashtirganini xabar qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning may oyidan boshlab O'zbekistonda elektr narxi oshgan edi.
Unga ko‘ra, 200 kVt soatgacha bo‘lgan elektr iste’moli uchun 1 kVt soat narxi 600 so‘m, 200 dan 500 kVt soatgacha esa 800 so‘m etib belgilangandi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning birinchi choragida davlat budjetidan energetika sohasiga 5 trln 376 mlrd so‘m subsidiya ajratilgan.