O‘zbekiston tijorat banklari 2025-yilning yanvar-iyun oylarida jami 6 trln 508 mlrd so‘m foyda oldi. Bu haqda Bankers.uz nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 991 mlrd so‘mga yoki 18 foizga ko‘proqdir.
.jpg)
Infografika: tanga.uz
O‘tgan yarim yil davomida O‘zmilliybank sof foyda bo‘yicha yetakchiligini saqlab qolgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda mos ravishda O‘zsanoatqurilishbank, Hamkorbank hamda Kapitalbank qayd etildi.
Jami sakkizta bankning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan bo‘lsa, oltita bank yarim yillikni zarar bilan yakunladi.
Davlat banklari
O‘zbekistonda mavjud 36 ta bankdan 9 tasi davlat banki hisoblanadi. Ularning barchasi ushbu yarim yillikni foyda bilan yakunladi.
Eng ko‘p sof foyda olgan ikki bank ham aynan davlat banklari bo‘lgan O‘zmilliybank hamda O‘zsanoatqurilishbank hisoblanadi.
2024-yilning birinchi yarmida 378,1 mlrd so‘m zarar ko‘rgan Biznesni Rivojlantirish Banki joriy yarim yilda 319,7 mlrd so‘m sof foyda oldi.
Shuningdek, davlat banklaridan AloqaBank, Mikrokreditbank, Xalq Banki, Agrobank, Turonbank’larning sof foydasida o‘tgan yilga nisbatan o‘sish kuzatildi.
Asakabankning sof foydasi esa o‘tgan yilga nisbatan 23,5 mlrd so‘mga kamaydi.
Boshqa banklar
Davlat nazoratida bo‘lmagan 27 bankdan 6 tasi yarim yillikni zarar bilan yakunladi.
Bular AVO Bank, Garant bank, Yevroosiyo banki, Yangi Bank, Apex Bank hamda Ipoteka bank hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, bu banklar orasida Yangi Bank va Apex Bank 2023-yilda, Yevroosiyo Banki esa 2024-yilning boshida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Kapitalbank’ning yarim yillik sof foyda ko‘rsatkichi esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110 mlrd so‘mga kamaydi.
Bundan tashqari, TBC Bank va Ziraat Bank sof foyda olgan bo‘lsalar-da, ularning bu ko‘rsatkichlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaydi.
2024-yilning olti oyini 15,6 mlrd so‘mlik zarar bilan yakunlagan Tenge Bank bu yarim yillikda 3,5 mlrd so‘m sof foyda oldi.
Octobank hamda ANORBANK’ning sof foyda ko‘rsatkichi esa mos ravishda 112,6 mlrd so‘m, 62,9 mlrd so‘mga oshdi.
Avvalroq, O‘zbekistonda to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning sof foydasi haqida yozgandik.
