O‘zbekistonda omonat, oltin hamda dollar orqali pul jamg‘arish ommalashgan. So‘nggi yillarda bular qatoriga kriptovalyuta ham qo‘shildi.
Endi savol tug‘iladi: qaysi usulda pul jamg‘arib, ko‘proq foyda olish mumkin? Bu savolga odatda aniq javob bo‘lmaydi, balki taxmin va ehtimollar mavjud.
tanga.uz ushbu savolga qisman javob topish maqsadida tahlil o‘tkazdi.

Infografika: tanga.uz
Mazkur tahlil 2024-yil 1-sentyabrdan 2025-yil 1-sentyabrgacha bo‘lgan bir yillik davrni o‘z ichiga oladi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda eng ommalashgan olti xil jamg‘arish usulidan bitkoin ko‘proq foyda keltirgan.
2024-yilning 1-sentyabr kuni amal qilgan bitkoin narxiga ko‘ra, 100 mln so‘mga 0,133633 dona bitkoin to‘g‘ri kelgan. Bu bitkoin bir yil o‘tib 80 mln 822 ming so‘m foyda keltirgan.
Hisobot davriga ko‘ra, keyingi eng ko‘p foyda keltirgan jamg‘arma turi oltin bo‘lgan.
2024-yilning 1-sentyabr kuni uchun amal qilgan 1 gramm oltin quymasining narxi 1 056 800 so‘m bo‘lgan. Bir yildan keyin bu narx 1 400 800 so‘mga yetgan.
Shu hisobda 100 mln so‘mga sotib olingan oltin bir yil o‘tib 32 mln 552 ming so‘m foyda keltirgan.
Keyingi eng yaxshi sarmoyalardan biri so‘m va dollardagi omonat bo‘lgan.
Bunda so‘mdagi omonat 26 mln so‘m foyda keltirgan bo‘lsa, dollardagi omonat 5 mln 792 ming so‘m foyda keltirgan.
O‘zbekiston aholisining aksariyati dollarni eng yaxshi jamg‘arma vositasi deb biladi. Ammo, bu qarash doimo ham samarali bo‘lavermaydi.
Xususan, 2025-yilning 26-avgust kuni uchun dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12 305,80 so‘m etib belgilangandi.
Bu 2023-yilning 11-dekabridan beri kuzatilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Iqtisodchilarning fikricha, dollarning tushishiga bir vaqtning o‘zida ham tashqi, ham ichki omillar ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shunday qilib, o‘tgan yilning sentyabr oyida 100 mln so‘m pulni dollarga ayirboshlab saqlaganlar bir yil o‘tib, 1 mln 130 ming so‘m zarar ko‘rgan.
Ma’lumot uchun, 2025-yilning avgust oyi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda inflatsiya ko‘rsatkichi 8,8 foizni tashkil etdi.
Shundan xulosa qilsak, o‘tgan yilning 1-sentyabr sanasida 100 mln so‘mni shu holda saqlaganlar inflatsiya hisobiga 8 mln 88 ming so‘m zarar ko‘rgan bo‘ladi.
Eslatma: Yuqoridagi raqamlar rasmiy manbalar tomonidan e’lon qilingan ko‘rsatkichlar asosida hisoblangan.
Bunda bitkoin, oltin, omonatlar hamda dollar uchun foyda va zarar hisoblanganda inflatsiya ko‘rsatkichi inobatga olinmagan.
