HUMO boshqaruvida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

16.09.2025 10:29
O'zbekchaРусский
Ulug‘bek Bahodirov HUMO to‘lov tizimi boshqaruv raisi etib tayinlandi. U bunga qadar kompaniyaning Kuzatuv kengashi raisi edi. Bahodirovning o‘rniga Kuzatuv kengashi raisi etib Dilshod Sarixo‘jayev tayinlandi.
HUMO boshqaruvida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Foto: HUMO

Kecha, 15-sentyabr kuni "Milliy banklararo protsessing markazi" AJning (HUMO to‘lov tizimi) boshqaruv tarkibida o‘zgarishlar yuz berdi. 

Unga ko‘ra, Ulug‘bek Bahodirov kompaniyaga boshqaruv raisi etib tayinlandi. U bunga qadar kompaniyaning Kuzatuv kengashi raisi edi.

Uning o‘rniga Kuzatuv kengashi raisi etib Sarixo‘jayev Dilshod Shuhratovich tayinlandi. 

Dilshod Sarixo‘jayev

Sarixo‘jayev, shuningdek, Markaziy bankning axborotlashtirish bosh markazi direktori maslahatchisi hisoblanadi. 

Bahodirov tayinlanishidan oldin Maqsadjon Muhiddinov boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgandi. 

Kompaniya boshqaruv organining qarori bilan Muhiddinov boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. 

Bundan tashqari, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari tarkibida ham o‘zgarishlar yuz berdi. 

Jumladan, kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Islombek Diyorov departament direktori etib tayinlandi. 

Dilshod Ikromov esa boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Ulug‘bek Bahodirov haqida

Bahodirov Ulug‘bek Xojito‘rayevich 1975-yilda tug‘ilgan. 1997-yilda Toshkent Moliya institutini tamomlagan. 

Mutaxassisligi xalqaro valyuta-kredit munosabatlari hisoblanadi. 

Foto: Ulug‘bek Bahodirov

Bahodirov o‘z faoliyati davomida "Poytaxt Bank" AJ Kuzatuv kengashi a’zosi sifatida ishlagan.

Uning nomi hozir ham bank Kuzatuv kengashi tarkibida mavjud

Bundan tashqari, u “O‘zbekyengilsanoat” Uyushmasining direktor o‘rinbosari ham bo‘lgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, Bohodirov "Artmix Trade" MChJning 50 foiz ulushiga egalik qiladi. 

Mazkur kompaniya quruq beton qorishmalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav kapitali esa 1,23 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, HUMO to‘lov tizimi o‘z faoliyatini boshlagan paytdan beri unga Shuhrat Qurbonov rahbarlik qilib kelayotgandi. 

2025-yilning boshida kompaniya Paynet to‘lov tashkilotiga sotilgandan so‘ng, Qurbonov o‘rniga Aleksey Maksimov tayinlandi. Biroq Maksimov ham ko‘p o‘tmay lavozimidan ozod etildi.

#humo#tayinlovlar

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilayotgan