NKMK yarim yilda 1,5 mlrd dollar sof foyda oldi

17.09.2025 07:56
Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2025-yilning birinchi yarmida 1 mlrd 515 mln dollar sof foyda oldi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 633 mln dollarga yoki 71,8 foizga oshgan. Oltin qazib olish hajmi esa qariyb 50 tonnaga yetdi.
NKMK yarim yilda 1,5 mlrd dollar sof foyda oldi

Foto: NKMK matbuot xizmati

"Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ 2025-yilning birinchi yarim yilligi uchun moliyaviy ko‘rsatkichlarini ochiqladi

Unga ko‘ra, kompaniyaning yarim yillik sof foydasi 1 mlrd 515 mln dollarni tashkil etdi. 

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 633 mln dollarga yoki 71,8 foizga oshgan. 

Infografika: tanga.uz

Kompaniyaning sof tushumi esa 40,9 foizga ko‘payib, 4 mlrd 715 mln dollarga yetdi. Bu kompaniya tarixidagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Ta’kidlanishicha, o‘sish asosan oltin narxining keskin ko‘tarilishi hamda sotish hajmlarining ortishi bilan bog‘liq bo‘lgan. 

Kompaniyaning EBITDA ko‘rsatkichi esa 3,06 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda yillik o‘sish 51,7 foizga teng bo‘ldi.

Kompaniya balansidagi aktivlar esa bir yil ichida 15,1 foizga ko‘payib, 10,2 mlrd dollarga yetdi. 

Bunda jami kapital 5,3 mlrd dollarga, majburiyatlar esa 4,9 mlrd dollarga teng bo'ldi.

Xarajatlar

Kompaniyaning investitsion faoliyatga yo‘naltirilgan kapital xarajatlari 412 mln dollarni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu xarajat 298 mln dollar edi. 

Ma’lum qilinishicha, xarajatlarning asosiy qismi ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va ularga yaqin hududlarda yangi konlarni qidirish uchun sarflangan. 

Kompaniyada 1 troy unsiya oltinni ishlab chiqarish xarajati 1 ming 164 dollarni tashkil etdi. O‘tgan yili bu xarajat 907 dollar edi.

Oltin miqdori

2025-yilning birinchi yarmida kompaniya 47,9 tonna oltin qazib oldi. O‘tgan yilning dastlabki olti oyida 47,3 tonna oltin qazib olingan edi.

Shunday qilib, bir yil ichida kompaniyada oltin qazib olish hajmi 1,3 foizga oshdi. 

Ta’kidlanishicha, bu natijaga ma’dan qazib olish va qayta ishlash hajmlarining ko‘payishi tufayli erishilgan. 

Ma’lumot uchun, 2024-yil davomida kompaniya tomonidan 96,4 tonna oltin ishlab chiqarilgan.

Kompaniya haqida

"Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar to‘rtligiga kiradi. 

Kompaniyaning umumiy mineral-xomashyo resurs bazasi 4 ming 355 tonnani tashkil etadi. 

Bugungi kunda kompaniyada 47 mingdan ortiq ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. 

Ma’lumot uchun, NKMK O‘zbekistonda eng yaxshi ish beruvchi kompaniya hisoblanadi.

Kompaniya tarkibiga 12 dan ortiq yirik kon, 7 ta qayta ishlash zavodi va 2 ta uyumda eritmaga o‘tkazish sexi kiradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 50 mlrd dollardan oshdi.

#nkmk#oltin#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar