Markaziy bank uchta bankka nisbatan jami 2,5 mlrd so‘m jarima soldi.
Mazkur banklar TBC Bank, Davr-bank hamda Hamkorbank hisoblanadi.
Tartibga soluvchi organ jarima qo‘llanishining bir qator sabablarini ko‘rsatib o‘tdi.
TBC Bank
Mazkur bankka nisbatan jami 615 mln so‘m jarima qo‘llanildi. Bunga quyidagilar sabab bo‘lgan:
- bank rasmiy veb-saytida axborot berish va iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi bo‘yicha talablarni bajarmaslik;
- kredit shartnomalari bo‘yicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari to‘g‘risidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;
- qarz oluvchilarning o‘z moliyaviy ahvolini tahlil qilishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirilmasdan onlayn mikroqarzlar ajratish, kreditni qoplash uchun kelib tushgan mablag‘larni qarzdorlikni so‘ndirishga o‘z vaqtida yo‘naltirmaslik;
- bankda murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari jamiga qo'llanilishiga olib kelgan.
Ma'lum qilinishicha, yuqorida keltirilgan qoidabuzarliklardan zarar ko‘rganlarga jami 1,7 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Davr-bank
Mazkur bankka nisbatan jami 931 mln so‘m jarima qo‘llanildi. Bunga quyidagilar sabab bo‘lgan:
- bankning bir xizmatini iste’molchiga qo‘shimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan ko‘rsatish;
- xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha kunlik foizlarni noto‘g‘ri hisoblash (undirish);
- bank rasmiy veb-saytida axborot berish va iste’molchiga beriladigan axborotning minimal hajmi bo‘yicha talablarni bajarmaslik;
- iste’molchilar bilan tuzilgan shartnomalarga (bank ichki qoidalariga) ularning huquqlarini cheklab qo‘yadigan va (yoki) shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi bilan bog‘liq holatlar;
- jismoniy shaxslar bilan tuzilgan kredit shartnomalarida kreditning to‘liq qiymatini ko‘rsatmaslik;
- bank mobil ilovasi orqali onlayn kredit ajratishda ushbu xizmatning asosiy iste’mol xususiyatlari, shu jumladan o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘liq va to‘g‘ri ma’lumot berilmaganligi;
- kredit shartnomalari bo‘yicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari to‘g‘risidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;
- bankda murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari jamiga qo'llanilishiga olib kelgan.
Ta'kidlanishicha, yuqoridagi qoidabuzarliklardan zarar ko‘rganlarga 4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarilgan.
Hamkorbank
Mazkur bankka nisbatan jami 955 mln so‘m jarima qo‘llanildi. Bunga quyidagilar sabab bo‘lgan:
- bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaganligi hamda shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi;
- kredit ajratish jarayonida qonunchilikka amal qilinmagan holda kredit hujjatlarini koʻrib chiqish va kredit ajratish uchun bir martalik komissiyalar hamda garov mulkini taqiqqa qoʻyish va qoʻyilgan taqiqni bekor qilishga xizmat haqlari undirilganlik;
- kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;
- bankda murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari jamiga qo'llanilishiga olib kelgan.
Yuqoridagi qoidabuzarliklar yuzasidan bankka bir qator majburiyatlar yuklatildi.
Unga ko‘ra, 2 mlrd 125 mln so‘m mablag‘ni zarar ko'rgan mijozlarga qaytarib berishi kerak.
Eslatib o'tamiz, Markaziy bank avgust oyida 9 ta bankka, 6 ta mikromoliya tashkilotiga va 4 ta lombardga nisbatan jarima qo‘llagan.
