2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar savdosining umumiy hajmi 14 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,4 trln so‘mga yoki 4 barobarga oshgan.
Savdolarning 7,49 trln so‘mi yoki 53,5 foizi Toshkent fond birjasida amalga oshirildi.
Qolgan qismi esa uyushgan birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlar hisobiga shakllandi.
Bu davr ichida tuzilgan bitimlarning umumiy soni 328 ming 375 tani tashkil etdi.
Bu miqdor o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,2 foizga kamaygan.
Bunda o‘rtacha kunlik savdolar miqdori 75 mlrd so‘mni, soni esa 1 ming 747 tani tashkil etdi.
Aksiya bozori
Hisobot davrida aksiyalar bozoridagi savdolar hajmi 6,83 trln so‘mni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,51 trln so‘mga yoki 3 barobarga oshgan.

Manba: Toshkent fond birjasi
Savdolarning 6,49 trln so‘mi pulsiz hisob-kitoblar platformasi (FoP) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
FoP — bu aksiyalarni pul o‘tkazmasdan o‘tkazish tizimi hisoblanadi. Unda aksiya egasi o‘z ulushi yoki uning bir qismini boshqa aksiyadorga topshiradi. Bunda mablag‘ birjada ko‘rsatilmaydi, aksiyalar faqat tomonlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Aksiyalar bozorida savdolarning o‘rtacha kunlik hajmi 36,34 mlrd so‘mni, bitimlarning o‘rtacha kunlik soni esa 1 ming 456 tani tashkil etdi.
To‘qqiz oyda aksiyalarning bozor kapitallashuvi 11 foizga oshib, 267,93 trln so‘mga yetdi.
Erkin muomalada bo‘lgan aksiyalarning bozor kapitallashuvi esa 4,18 trln so‘mga teng bo‘ldi.
Obligatsiyalar bozori
Hisobot davrida korporativ obligatsiyalar bozoridagi savdolar hajmi 6 barobarga oshib, 662,94 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Manba: Toshkent fond birjasi
Obligatsiyalar bozorida savdolarning o‘rtacha kunlik hajmi 3,53 mlrd so‘mni, o‘rtacha kunlik bitimlar soni 39 taga teng bo‘ldi.
Toshkent fond birjasidagi obligatsiyalarning bozor qiymati 1,50 trln so‘mni tashkil etmoqda.
Listing
2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida Toshkent fond birjasining listing ro‘yxatida 102 ta kompaniya bo‘lgan.
Ular hisobot davrida jami 154 ta turdagi qimmatli qog‘ozlar chiqargan. Shu davr ichida 14 ta yangi kompaniya birjaga kirgan.
Listing — kompaniyaning qimmatli qog‘ozlari fond birjasida rasmiy savdoga chiqishini anglatadi.
2025-yilning 9 oyida birja tashqarisidagi maydonchada 47 ming 248 ta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 24 foizga ko‘proqdir.
Toshkent fond birjasidan tashqaridagi savdolar hajmi esa 6 barobarga oshib, 6,51 trln so‘mga yetdi. Bu bitimlarda 192 ta turli kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari ishtirok etgan.
Avvalroq, qimmatli qog‘ozlar bozorining olti oylik tahlilini yozgandik.
