Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklari 2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 10,9 trln so‘m sof foyda olgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,79 trln so‘mga yoki 34,5 foizga oshdi.

Mavjud 35 ta bankdan 22 tasi 9 oylik moliyaviy ko‘rsatkichlarini korporativ axborot yagona portalida ochiqladi. Qolgan 13 ta bankning sof foydasini esa Bankers.uz nashri e’lon qildi.
Ushbu davrda O‘zmilliybank (1,45 trln so‘m), SQB (1,39 trln so‘m), Hamkorbank (1,27 trln so‘m) hamda Kapitalbank (1,16 trln so‘m) 1 trln so‘mdan ortiq sof foyda oldi.
Davlat banklari
2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyini mavjud 9 ta davlat bankining barchasi sof foyda bilan yakunladi.
Turonbank’dan tashqari barcha davlat bankining sof foyda ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sdi.
2024-yilning dastlabki 9 oyini zarar bilan yakunlagan BRB joriy davrni sof foydaga chiqdi.
Boshqa banklar
Davlat banklaridan tashqari 26 bankning 24 tasi joriy 9 oylik davrni sof foyda bilan yakunladi.
Apex Bank (-52,2 mlrd so‘m) hamda Yangi Bank (95,4 mlrd so‘m) esa ushbu davrda moliyaviy zarar ko‘rdi.
Ma’lumot uchun, ushbu banklar 2023-yilda tashkil etilgan. Ular bilan bir yilda tashkil etilgan Hayot Bank esa sof foydaga chiqdi.
Ushbu davrda Ipoteka-bank, Ziraat Bank, TBC Bank, Uzum Bank, Open Bank hamda Garant Bankning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaydi.
O‘tgan yilning mos davrida 83,4 mlrd so‘m zarar ko‘rgan AVO Bank joriy 9 oylikda sof foydaga chiqqanini ham alohida qayd etish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning sentyabr oyida Smartbank o‘z brend nomini Openbank’ka o‘zgartirdi.
Avvalroq, O‘zbekiston tijorat banklarining 2025-yil birinchi yarimida qancha sof foyda olgani ma’lum bo‘lgandi.
