2026-yil 1-apreldan boshlab kamera va radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar uchun ham jarima ballari qo‘llaniladi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, jarima ballari qoidabuzarlik sodir etilgan paytda avtomobilni boshqarayotgan shaxsga yoziladi. Mazkur shaxs avtomobilning aynan egasi bo‘lmasligi mumkin.
Ma’lumot uchun, avtotransport vositasini uning egasi tomonidan berilgan ishonchnoma, sug‘urta polisidagi ma’lumot yoki yo‘l varaqasi asosida boshqarish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarima ballari 1-iyundan kuchga kirgan.
Hozirda ballar faqat Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar asosida hisoblanmoqda.
Avvalroq, moped va skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasiga yangi toifa kiritilgani haqida yozgandik.
