Uzum kompaniyasi umumiy qiymati 400 mlrd so‘mlik obligatsiyalarni joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda kompaniya o‘zining rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, obligatsiyalarning nominal qiymati 100 mln so‘m bo‘lib, yillik 24 foizlik daromad stavkasi bilan muomala muddati 2 yil etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning mart oyida kompaniya umumiy qiymati 300 mlrd so‘mlik o‘zining dastlabki obligatsiyalarini Toshkent fond birjasida joylashtirgan edi.
Ularning muddati 2 yil bo‘lib, yillik daromad stavkasi 25 foizni tashkil etgandi. Kompaniya birinchi obligatsiyalarga yuqori qiziqish bo‘lganini bildirdi.
Ikkinchi joylashtirish esa uning mantiqiy davomi bo‘lishini va O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirishdagi yana bir qadam ekanligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Uzum kompaniyasi 2027-yilda IPO o‘tkazishni rejalashtirmoqda. IPO uchun maydon sifatida Nasdaq, London fond birjasi kabi yirik birjalarni ko‘rib chiqmoqda.
