2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 ming 566 ta umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyat yuritmoqda.
Ularning 83 foizi restoranlar, 12 foizi fast-fudlar, 4,7 foizi esa keyteringlar hisoblanadi.
Keytering — tadbirlar, uchrashuvlar yoki buyurtmalar uchun ovqat va ichimliklarni tayyorlab, yetkazib berish hamda joyida xizmat ko‘rsatish faoliyatidir.
Korxonalarning tovar aylanmasi
2025-yilning yanvar-sentyabr oylarida umumiy ovqatlanish korxonalarining tovar aylanmasi 17,3 trln so‘mni tashkil etdi.

Mazkur aylanmada restoranlar ulushi 56 foizni, fast-fudlar ulushi 27,5 foizni, keyteringlar ulushi esa 16,5 foizga teng bo‘ldi.
Ushbu davrda umumiy ovqatlanish korxonalariga 3 mln 357 ming 194 nafar mijoz tashrif buyurdi.
Xodimlar
2025-yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasida 90 ming 528 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ularning qariyb teng yarmi 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir.
Sohadagi jami xodimlarning 56 ming 167 tasi restoranlarda, 24 ming 957 tasi esa fast-fudlarda mehnat qilmoqda.
Keyteringlar soni 168 ta bo‘lishiga qaramay, ulardagi xodimlar soni 10 ming 593 nafarga yetgan. Sohadagi xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi 1,7 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Soliqlar
2025-yilning dastlabki 9 oyida umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar 873,5 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Mazkur soliqlarning 58 foizi restoranlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Sohadagi korxonalarning 9 oylik elektr energiya iste’moli 267,5 mlrd so‘mni, tabiiy gaz iste’moli esa 52,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Sohadagi yirik korxonalar
Umumiy ovqatlanish sohasidagi 45 ta restoran, 30 ta fast-fud hamda 50 ta keytering kompaniyasi sohadagi eng yirik korxonalar sanaladi. 9 oylik tovar aylanmada ularning ulushi 41 foizga teng bo‘ldi.
Ushbu davrda xaridorlarning 90 foizi aynan yirik korxonalarga tashrif buyurgan.
Sohadagi xodimlarning 35 foizi ham aynan ularning hissasiga to‘g‘ri keldi. To‘langan soliqlarning 35 foizini ham aynan ular to‘lagan.
Avvalroq, umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalarning yarim yillik tovar aylanmasi hamda to‘lagan soliqlari haqida yozgandik.
