Mining.com nashri 2024-yilda oltin qazib olish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan konlar ro‘yxatini tuzdi.
Ro‘yxatning birinchi o‘rnida Nevada oltin koni keltirilgan. AQShda joylashgan ushbu kon 2024-yil davomida 83,9 tonna ishlab chiqargan.
Undan keyingi o‘rinda kichik farq bilan O‘zbekistondagi Navoiy kon-metallurgiya kombinati qayd etilgan.
Mining.com nashrining yozishicha, kombinat 2024-yilda 83,25 tonna oltin ishlab chiqargan. NKMK taqdim etgan matbuot bayonotida esa bu ko‘rsatkich 96,4 tonna deb ko‘rsatilgan.
Agar kombinat taqdim etgan ma’lumotga tayansak, u 2024-yilda oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgani ma'lum bo‘ladi.
Keyingi o‘rinlar
Mining.com nashri uchinchi o'rinda Grasberg oltin konini qayd etdi. Ushbu kon Indoneziyada joylashgan bo‘lib, 2024-yilda 57,85 tonna oltin qazib olgan.
Keyingi o‘rinlarda mos ravishda Olimpiada koni hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati qayd etilgan.
2024-yilda Rossiyaning Olimpiada koni 44,83 tonna, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) esa 34,66 tonna oltin ishlab chiqargan.
Ma’lumot uchun, OKMK Markaziy Osiyoda mis ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.
Mining.com nashrining yozishicha, kombinat 2030-yilga kelib tozalangan mis ishlab chiqarish hajmini 400 ming tonnaga yetkazishni rejalashtirgan.
Avvalroq, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2025-yilning birinchi yarmi uchun moliyaviy ko‘rsatkichlari hamda ishlab chiqarish hajmi haqida ma’lumot bergandik.
