Har yil yakunida eng ko‘p kiberjinoyatlar sodir etilayotgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati e’lon qilinadi.
Bu haqda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Maqsudjon Mirabdullayev ma’lum qildi.
Prezidentning tegishli qaroriga binoan, O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Ichki ishlar vazirligi vakolatli organ sifatida belgilangan.
Mirabdullayevning aytishicha, mazkur qaror bilan yana bir ustuvor vazifa sifatida banklar va to‘lov tashkilotlariga kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy javobgarlik yuklatilgan.
Avvallari qaysidir bank yoki to‘lov tashkilotida pullarning chiqib ketishi, katta-katta o‘g‘irliklar kuzatiladigan bo‘lsa, biz buni ommaviy axborot vositalariga e’lon qilmasdik. Endilikda eng ko‘p kiberjinoyat (zaifliklar va kamchiliklar natijasida yuzaga kelgan) qayd etilayotgan banklar va to‘lov tashkilotlarining ro‘yxatini e’lon qilib boramiz, — dedi Mirabdullayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qaysi bank samarali faoliyat yuritgani yoki kiberjinoyatlarga yo‘l ochib bergani haqida statistika ham olib boriladi.
Shuningdek, bu holat qanday va qanaqa usullar bilan sodir bo‘lgani, qancha pul o‘g‘irlangani haqida ham ma’lumot beriladi.
Ta’kidlanishicha, bu amaliyot banklar va to‘lov tashkilotlarining o‘z axborot xavfsizligi siyosatiga va kiberxavfsizlik talablariga rioya etish borasidagi mas’uliyatini oshiradi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘proq choralar ko‘rishga undaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilning sentyabr oyida Markaziy bank uchta tijorat bankiga jarima qo‘llab, ularning nomini ommaga e'lon qilgandi.
