TBC Uzbekistan ekotizimi 2025-yilning dastlabki 9 oyida erishgan natijalari va moliyaviy ko‘rsatkichlarini tanga.uz nashriga ma’lum qildi.
Natijalarga ko‘ra, ekotizim 9 oyda 2 trln 416 mlrd so‘m daromad olgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 87 foiz ko‘pdir.
Ushbu daromadning 18 foizi yoki 439 mlrd so‘mi (36,4 mln dollar) sof foydani tashkil etdi. Bunda ekotizimning sof foydasi 28 foizga oshgan.

Ma’lumot uchun, TBC Uzbekistan ekotizimi TBC Bank, TBC Nasiya, TBC Sug'urta, Payme hamda BILLZ SaaS platformasini o‘z ichiga oladi.
2025-yil 30-sentyabr holatiga ko‘ra, TBC Bank kredit portfeli 11 trln 752 mlrd so‘mni, depozit qoldig‘i esa 6 trln 543 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.
Foydalanuvchilar soni
2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, ekotizim foydalanuvchilari soni 21,8 mln nafarga yetdi. Bu ko'rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 foiz ko‘pdir.
Oylik faol foydalanuvchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga oshib, 5,7 mln kishiga yetgan.
Payme raqamli to‘lov xizmatidagi savdogarlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 90 foizga o‘sib, 13 ming 200 nafarni tashkil etmoqda.
TBC Bank kartalari - Salom Card hamda Osmon Card talabi ortgan. 30-sentyabrgacha 723 mingdan ortiq Salom Card hamda 85 mingdan ortiq Osmon Card muomalaga chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oyida ekotizim OLX e’lonlar platformasining nazorat paketini sotib olgandi.
