Ehtiyojmand oilalarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Hamma eshitib olsin, bundan buyon daromad topish imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar kambag‘allar reyestrida bo‘lmaydi. Ularni qo‘llab-quvvatlashni davlat zimmasiga oladi, — dedi Prezident.
Yig‘ilishda shuningdek, 2026-yildan nogironligi bo‘lgan 40 ming kishini ish bilan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Bandlik jamg‘armasi ularga 30 mln so‘mgacha foizsiz qarz ajratishni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, kambag‘allikka qayta tushish xavfi mavjud oilalarga ijtimoiy yordam va imtiyozlar saqlanib qolishi aytildi.
Ularga 6 oy davomida moddiy yordam va bolalar nafaqasi to‘lanishi davom ettiriladi.
Shuningdek, bog‘cha va to‘garak xarajatlarini qoplash, davolanish orderi kabi 110 ta ijtimoiy xizmat va yordamdan 12 oy mobaynida qo‘shimcha foydalanish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyat tufayli kambag‘allikka tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan oilalarni oldindan aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-yanvardan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi xususiy sektorda ham davlat tomonidan to‘lanadi.
.jpg)