O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-martdan turistik yo‘nalishdagi startaplar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Bunda ularga yangi xizmatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Mazkur subsidiyalar har yili sohadagi eng yaxshi 10 ta loyihaga beriladi.
Bundan tashqari, mehmonxonalarning "yashil" sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab xalqaro konferensiyalar va tadbirlarni tashkil etib, kamida 100 nafar chet ellik sayyohni jalb qilgan tadbirkorlarga ham imtiyoz beriladi.
Bunda ushbu tadbirlarni tashkil qilishda ular tomonidan to‘langan QQS summalarining 50 foizi qaytariladi.
Shuningdek, turizm sohasi subyektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
2030-yil 1-yanvarga qadar "Brand Finance" kompaniyasining top-50 talik reytingiga kiruvchi brend bilan dastlabki kelishuvlarga ega bo‘lib, mehmonxona qurilishini boshlagan tadbirkorlik subyektlariga ham imtiyoz beriladi.
Ularga mehmonxonani qurish va jihozlashda mazkur brendning talabiga muvofiq olib kelinadigan asbob-uskunalar, texnika, transport vositalari, mebel va inventarlar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi.
Eslatib o‘tamiz, sohil va yo‘l bo‘yida servis xizmatlarini rivojlantirish uchun 500 ta mahalla tanlab olingan. Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 mlrd so‘mgacha kredit ajratadi.
