O‘zbekistonda bog‘dorchilik xo‘jaliklariga bir qator imtiyozlar beriladi. Bu haqda Prezident 2-dekabr kuni Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi 14 ming gektar bog‘ning 4 ming gektari eskirgan.
Prezident shu bois, 2026-yilda 1,5 ming gektar eski bog‘larga faqat sertifikatli ko‘chatlar ekish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buni qo‘llab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga ko‘chat sotib olish xarajatining yarmi qoplanishi aytildi.
Bundan tashqari, tumandagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun yana bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Xususan, intensiv bog‘ tashkil etish uchun 7 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit beriladi.
Shuningdek, meva turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Muzlatkichli omborlar uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplanadi. Ma’lumot uchun, hozirgi asosiy stavka 14 foizni tashkil etadi.
Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya berilishi ma’lum qilindi.
Prezident 2026-yilga kelib Baxmalda bog‘dorchilik bo‘yicha tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy etilishini ta’kidladi.
Eslatib o'tamiz, 2026-yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi.
