2026-yildan boshlab ekin maydonlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy etiladi.
Bu haqda Prezident Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.
Yangi tizimga ko‘ra, yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishni o‘zi mustaqil hal qiladi.
Shuningdek, auksionda takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10 foizgacha pasaytiriladi.
Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘larga suv, elektr, yo‘l tarmoqlarini o‘tkazish infratuzilmasiga sarflanadi.
Ma’lum qilinishicha, hozirgacha aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga qo‘yilgan 10 ming gektar yer bir yildan beri sotilmay turibdi.
Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida yana bir qator yangiliklarni e’lon qildi.
Xususan, AQShlik investorlar bilan Zominda parrandachilik bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil etilayotgani aytildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatga ega birinchi naslli ona tovuq va 9 mln dona tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda bog‘dorchilik xo‘jaliklariga bir qator imtiyozlar beriladi.
