Biznesni rivojlantirish bankining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi xodimi pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sho‘rchi tumanida yashovchi fuqaro 17 mlrd so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishi yuzasidan bankka murojaat etgan.
Bank xodimi unga kredit uchun garov sifatida taklif etilayotgan mulk "Elektron baholash" tizimi xulosasiga ko‘ra yetarli qiymatga ega emasligini bildirgan.
Xodim fuqaroga ushbu masalani hal qilib berishini va’da qilib, buning evaziga pul talab qilgan.
Oqibatda, xodim fuqarodan 2 ming dollar va 1,3 mln so‘m pora olayotgan paytda DXX xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
DXX xabariga ko‘ra, hozirda bank xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, ushbu bank Bo‘stonliq tumanidagi korxonadan asossiz ravishda 115,6 mln so‘m yechib olgani haqida xabar bergandik.
