O‘zbekistonda sug‘urta kompaniyalari qancha sof foyda oladi?

07.12.2025 20:23
O'zbekchaРусский
2025-yilning dastlabki 9 oyida 11 ta sug‘urta kompaniyasining sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan bo‘lsa, 4 tasi mazkur davrni zarar bilan yakunladi. Qolgan tashkilotlarning sof foyda ko‘rsatkichida esa o‘sish kuzatildi.
O‘zbekistonda sug‘urta kompaniyalari qancha sof foyda oladi?

Foto: Forbes

2025-yilning 1-oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 36 ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 7 tasi hayotni sug‘urtalashga ixtisoslashgan.

Ushbu tashkilotlar (O‘zagrosug‘urta kompaniyasidan tashqari) 2025-yilning dastlabki 9 oyida erishgan moliyaviy natijalarini e’lon qildi. 

Natijalarga ko‘ra, mazkur davrda Apex Insurance kompaniyasi 203,5 mlrd so‘m sof foyda oldi. Biroq uning sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 78,3 mlrd so‘mga kamaydi. 

Undan keyingi o‘rinda joylashgan O‘zbekinvest kompaniyasi esa undan 4,5 barobar kamroq, ya’ni 45,2 mlrd so‘m sof foyda oldi. 

Hisobot davrida Apex Insurance (-78,3 mlrd so‘m), Kafolat (-79,8 mlrd so‘m), Imkon sug‘urta (-8,4 mlrd so‘m), Ingo-Uzbekistan (-2,1 mlrd so‘m), Infinity Insurance (-3,5 mlrd so‘m), Temiryo‘l (-7,8 mlrd so‘m), NEO Insurance (-4,1 mlrd so‘m) hamda Semurg Insurance (-0,8 mlrd so‘m) kompaniyalarining sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaydi. 

Qolgan tashkilotlarning sof foydasi esa ushbu davrda o‘sishni qayd etdi. Asia Insurance, Global Insurance hamda FAROVON sug‘urta kompaniyalarining sof foydasi o‘sgan bo‘lsa-da, ular ushbu davrni zarar bilan yakunladi. 

Hayotni sug‘urtalovchi tashkilotlar orasida esa Euroasia Life kompaniyasidan tashqari barcha kompaniya sof foyda olishga erishdi. 

Ushbu davrda sof foyda bo‘yicha eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichi TBC Sug‘urta kompaniyasida kuzatilib, 13,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. 

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida to‘rtta sug‘urta kompaniyasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan jarimaga tortilgan edi. 

Avvalroq, sug‘urta tashkilotlarining 2024-yil yakuni bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichlari haqida ma’lumot bergandik.

#sug'urta_kompaniyalar#sof_foyda

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar