1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 61,2 mlrd dollarni tashkil etmoqda. Bu statistika e’lon qilinayotgan davrdan buyon kuzatilgan rekord ko‘rsatkichdir.
Zaxiralar noyabr oyida 1,9 mlrd dollarga yoki 3,2 foizga ko‘paygan. Markaziy bankning izohiga ko'ra, o‘sish oy davomida oltin narxining 3 foizdan ortiqqa ko‘tarilishi hisobiga ro‘y bergan.
Markaziy bank noyabr oyida 503,3 mln dollar qiymatidagi obligatsiyalarni sotib oldi. Shu tufayli zaxiralar tarkibidagi qimmatli qog‘ozlar 1,5 mlrd dollarga yetdi.
Bundan tashqari, zaxiralarning 50,86 mlrd dollarini yoki 83 foizini oltin tashkil etadi. Oy davomida ularning qiymati 3 mlrd dollarga, fizik hajmi esa 9 tonnaga oshib, 379,5 tonnaga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta 50 mlrd dollardan oshgan edi. Shundan keyingi davrda zaxiralar qiymati har oy oshib bormoqda.
