O‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan asossiz pul yechib olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Oradan bir necha kun o‘tib xizmat ko‘rsatuvchi Humans kompaniyasi hamda Paylov to‘lov tashkiloti holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Bu ikki kompaniyaning qanday bog‘liqligi bor?
2025-yil 10-aprel kuni Humans kompaniyasi hamda Paylov to‘lov tashkiloti o‘rtasida shartnoma imzolangan.
Aynan shu shartnoma orqali Humans o‘z mijozlariga kartadan-kartaga o‘tkazmalar xizmatini Paylov to‘lov tashkiloti orqali ko‘rsatishni boshlagan.
Oddiy qilib aytganda, Humans kartadan-kartaga o‘tkazmalar xizmatini Paylov to‘lov tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Ayb kimda?
Humans kompaniyasi birinchi bo‘lib holat haqiqatdan yuz berganini tasdiqlab, rasmiy bayonot berdi.
Bayonotda keltirilishicha, barcha firibgarlik operatsiyalari Paylov to‘lov tashkilotidagi nosozlik sababli yuz bergan.
Jinoyatchilar mashina so‘rovlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Paylov API’ga yuborgan va Paylov mas’ul bo‘lgan karta tokenlari va kalitlariga kirish orqali hisobdan chiqarishni boshlashi mumkin edi. Frodning birinchi to‘lqinidan so‘ng Paylov kirishni cheklash bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmadi, shu jumladan so‘rovlar kelgan ruxsatsiz IP-manzillarni bloklamadi. Bu esa takroriy hujumga olib keldi — deb yozgan Humans.
Paylov bayonotida esa nosozlik Humans kompaniyasida yuz bergani aytilgan.
Firibgarlik operatsiyalari Humans tomonidan Paylov taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu kalitlarning to‘g‘ri va xavfsiz saqlanishiga Humans kompaniyasi mas’ul hisoblanadi — deb yozgan Paylov.
Markaziy bank qanday fikrda?
Markaziy bank ham firibgarlik haqiqatdan sodir bo‘lganini tasdiqlab, rasmiy bayonot berdi.
Regulyator bayonotida ikki kompaniya o‘rtasida hamkorlik borligini ta’kidlab, Paylov to‘lov tashkilotiga kartadan-kartaga o‘tkazmalar xizmatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ta’kidladi.
Humans mobil ilovasi orqali Paylov tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda — deb yozgan Markaziy bank.
Shuningdek, regulyator tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etilishini bildirdi.
Jabrlanganlar pulini kim qoplaydi?
Bu savolga Markaziy bank ham, Humans ham, Paylov to‘lov tashkiloti ham bayonotida aniq bir narsa demagan.
Biroq Markaziy bank holat yuzasidan o‘rganish olib borayotganini bildirgan.
Shuningdek, jabr ko‘rganlarga huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilishini so‘ragan.
Humans esa nosozliklarni tekshirish va buzg‘unchilarni aniqlash uchun texnik materiallarning to‘liq to‘plamini regulyator va huquqni muhofaza qilish organlariga topshirganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Paylov ham holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlanganini va barcha zarur ma’lumotlarni mas’ul organlarga taqdim etganini bildirdi.
tanga.uz holat yuzasidan qo‘shimcha axborot berib boradi.
