Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga 250 mln dollar miqdoridagi kreditni ma’qulladi. Mazkur mablag‘ EduImkon dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
EduImkon dasturi oliy, texnik va kasb-hunar ta’limi tizimida talabalarning moliyaviy imkoniyatlardan teng foydalanishini kengaytirishga qaratilgan.
Ushbu dastur kelgusi uch yil mobaynida mamlakatdagi 600 ming yoshga ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishga ko‘maklashadi.
Dasturga ko‘ra, kredit mablag‘ining 190 mln dollari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, kam ta’minlangan oilalardan chiqqan yoshlar va ayollarga ta’lim kreditlari ajratish, shuningdek, mehnat bozorida talabi yuqori bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlashni rag‘batlantirishga sarflanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 14-30 yoshdagi fuqarolar soni taxminan 10 mln kishini tashkil etadi. Yoshlar orasida oliy ta’lim qamrovi 2024-yilda 48 foizga yetgan.
Jahon banki xabariga ko‘ra, bu holat mamlakat budjetiga bosimni oshirgan va talabalarga davlat tomonidan subsidiyalangan kreditlarni taqdim etuvchi tizimning barqarorligini ta’minlashni qiyinlashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston maktablarida STEM-ta’limni rivojlantirishga 100 mln dollar kredit ajratishni ma’qullagandi.
