O‘zbekistonda ipoteka kreditlari imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Prezident bu borada bir qator ijobiy o‘zgarishlarni ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab ipoteka kreditlari uchun 23 trln so‘m resurs ajratiladi.
Shuningdek, xonadon xaridida boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2,7 trln so‘m mablag‘ subsidiya ajratishga yo‘naltiriladi.
Bitta xonadon uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foizga oshiriladi.
Umuman olganda, 2026-yilga kelib qurilish ishlari hajmini 11 foizga ko‘paytirib, 30 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirda ipoteka kreditlari ikki usulda, ya’ni banklarning o‘z mablag‘lari hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari asosida berilmoqda.
Vazirlik mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladigan ipoteka kreditlari imtiyozli bo‘lib, foiz stavkasi o‘rtacha 17 foizni tashkil etadi.
2025-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston aholisiga jami 15,1 trln so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratildi.
Shundan 7,4 trln so‘mi Iqtisodiyot va moliya vazirligi shartlari asosida, 6,13 trln so‘mi esa banklarning o‘z mablag‘laridan berilgan.
Ushbu davrda banklar o‘z mablag‘laridan ajratgan ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi 23,6 foizni, imtiyozlisi esa 17,23 foizni tashkil etdi.
