SamAuto aksiyalarini sotib olgan Anadolu Isuzu zavodda yangi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
9-yanvar kuni vazir Laziz Qudratov Turkiyaning Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Anadolu Isuzu kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yusuf Tug‘rul Arikan bilan uchrashdi.

Foto: Vazirlik matbuot xizmati
Uchrashuvda hamkorlikning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Xususan, zavodda qishloq xo‘jaligi uchun yangi turdagi avtotransport vositalari va maxsus texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, model turlarini kengaytirish hamda ishlab chiqarish hajmlarini oshirish rejalari ma’lum qilindi.
Ta’kidlash joizki, 2025-yilning sentyabr oyida Samarqand avtomobil zavodidagi (SamAuto) 75,2 foiz davlat ulushi Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga 80 mln dollarga sotilgan edi.
Kelishuvga ko‘ra, turk kompaniyasi zavodga yana 80 mln dollar miqdorida sarmoya kiritishi lozim.
