Samarqand avtomobil zavodining (SamAuto) 75,2 foiz davlat ulushi 80 mln dollarga sotildi.
Xaridor Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, turk kompaniyasi SamAuto‘ga yana 80 mln dollar miqdorida sarmoya kiritishi lozim.
Sarmoya majburiyati doirasida avtobus va elektrobus ishlab chiqarish hamda servis markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Anadolu kompaniyalar guruhi 2021-yilda "Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan" MChJning 57,1 foiz ulushini 252,2 mln dollarga sotib olgandi.
SamAuto haqida
Samarqand avtomobil zavodi 1996-yilda Turkiyaning Koç Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Kompaniya dastlab SamKochAvto deb nomlangan bo‘lib, bu yerda UzOtoyol brendi ostida avtomobillar ishlab chiqarilgan.
Hozirgi kunda kompaniya Isuzu brendi asosida avtobuslar hamda yuk mashinalarini ishlab chiqarmoqda.
Ma'lumot uchun, kompaniya 2025-yil boshidan sentyabr oyiga qadar 309 ta avtomobil ishlab chiqargan.
SamAuto davlat ulushining sotilishi nazorat organlari tomonidan tasdiqlangach, kompaniya aksiyadorlari tarkibi quyidagicha bo‘ladi:
- Anadolu Isuzu — 75,2% (Turk kompaniyasi)
- Itochu Corp — 12,4% (Yapon kompaniyasi)
- Isuzu Motors — 12,4% (Yapon kompaniyasi)
Avvalroq, avtomobillar uchun isitish va sovitish tizimlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya 230 mlrd so‘mga sotilgandi.
