Markaziy bank "Yangi Bank" AJni tugatish bo‘yicha qo‘shimcha axborot berdi.
Nazorat organining xabariga ko‘ra, bankni tugatish uchun Tugatish komissiyasi tuzilgan va o‘z faoliyatini boshlagan.
Ayni paytda omonatchilar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Ushbu jarayon sakkiz ish kuni davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ikki ish kuni ichida Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kompensatsiya miqdori hamda agent-bank to‘g‘risida rasmiy veb-saytida qo‘shimcha axborot e’lon qilinadi — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, tartibga soluvchi organ omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari qonunchilikda belgilangan tartibda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan amalga oshirilishini ta’kidladi.
Omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari yuzasidan qo‘shimcha savollaringiz bo‘lsa, Omonatlarni kafolatlash agentligining 555 500 500 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.
Avvalroq, Omonatlarni kafolatlash agentligi tugatilayotgan Yangi Bank omonatchilari uchun 200 mln so‘mgacha kafolat bergandi.
2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Yangi Bank’ning depozit qoldig‘i 394 mlrd so‘mni tashkil etgan.
