Markaziy bank 2026-yil 1-yanvar holatiga tijorat banklarining kredit portfeli hamda ulardagi muammoli kreditlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
2025-yilda O‘zbekiston tijorat banklarining kredit portfeli 70,9 trln so‘mga yoki 13 foizga oshdi. Natijada, yil yakuniga kelib, banklarning kredit portfeli 604,0 trln so‘mni tashkil etdi.
Muammoli kreditlar hajmi esa yil davomida 3 trln 130 mlrd so‘mga qisqardi. Yil oxiriga kelib esa jami kredit portfelida muammoli kreditlar qoldig‘i 18 trln 55 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi yil boshida 3,97 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib ushbu ko‘rsatkich 2,99 foizgacha pasaydi.
Davlat banklari
Davlat banklarida muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 1 trln 509 mlrd so‘mga kamaydi. Oltita davlat bankida muammoli kreditlar kamaygan bo‘lsa, uchtasida ko‘paygan.
Sezilarli pasayish BRB (-805 mlrd so‘m), O‘zmilliybank (-286 mlrd so‘m) hamda Asakabank (-251 mlrd so‘m) portfelida kuzatildi.
Aloqabank (+235 mlrd so‘m), Turonbank (+135 mlrd so‘m) va Mikrokreditbank (+90 mlrd so‘m)da esa muammoli kreditlar ko‘paygan.
Boshqa banklar
Boshqa banklarda muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 1 trln 620 mlrd so‘mga kamaygan.
Ulardagi muammoli kreditlar ulushi esa yil boshidagi 4,11 foizdan 2,62 foizgacha pasaygan. Muammoli kreditlarning pasayishiga Ipoteka-bank (-2,3 trln so‘m) eng katta hissa qo‘shdi.
Bundan tashqari Kapitalbank (-416 mlrd so‘m) va Hamkorbank (-126 mlrd so‘m)da ham muammoli kreditlar kamaygan.
TBC Bank (+431 mlrd so‘m), Anorbank (+312 mlrd so‘m) va 2025-yilda kredit portfeli keskin o‘sgan. Hayot Bank (+186 mlrd so‘m)da muammoli kreditlar miqdori boshqalarga qaraganda sezilarli darajada oshgan.
Yil davomida Poytaxt bankning 69 mlrd so‘mlik (yoki portfelining 24,4%) krediti muammoli kreditga aylandi.
Avvalroq, 2025-yil oktyabr oyi yakunlari bo‘yicha banklarning kredit portfeli hamda muammoli kreditlari to‘g‘risida ma’lumot bergandik.
.jpg)