Agrobank va Open Bank: yana rokirovkami?

23.01.2026 14:10
Agrobank aksiyadorlari Open Bank aksiyalarini sotib olish bo'yicha qaror chiqardi. 2025-yil boshida Agrobankka tegishli Smart Bankning 90% ulushi 451 mlrd so'mga sotilgandi. 2025-yil yozida Smart Bank nomi Open Bank deya o'zgartirilgandi.
Agrobank va Open Bank: yana rokirovkami?

Agrobank aksiyadorlar yig'ilishi Open Bank aksiyalarini sotib olish bo'yicha qaror chiqardi.

Bu haqda bank aksiyadorlarining 15-yanvar kungi navbatdan tashqari yig'ilishida ma'lum qilindi.

Yig'ilish qaroriga ko'ra, aksiyalar qonunchilikda berilgan tartibda sotib olinadi. Bu bo'yicha maxsus "Yo'l xaritasi" mavjudligi ham yig'ilish protokolida qayd etilgan.

Smart Bank nomi Open Bank'ga o'zgartirilishi

2022-yil dekabr oyining oxirida Markaziy bank tomonidan "Smart Bank" aksiyadorlik jamiyatiga bank faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziya berilgandi

2023-yilning fevralida Smart Bankning yagona aksiyadori - "Leader Finance" MCHJ ekanligi aniq bo'lgandi. Bu kompaniyaning yagona ta’sischisi "Agrobank" aksiyadorlik tijorat banki ekani qayd etilgan.

Sodda tilda aytganda, davlat banki bo'lgan Agrobank yana Smart Bank loyihasining ham egasi bo'lgan.

2025-yilning boshida "Future Open Technology Group" AJ Smart Bank’ning 90,2 foiz aksiyalarini 451 mlrd so‘m evaziga sotib olgandi

Smart Bank yangi aksiyadorlarining 2025-yil 17-iyundagi yig'ilishida Smart Bank nomi Open Bank'ka rebrending qilinishiga qaror qilingan.

Nega Open Bank?

"Future Open Technology Group" AJ Agrobank bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini Open muddatli to‘lov kartasi bilan boshlagan. Keyinchalik kompaniya Open Market va Open Biznes platformalarini ham yo'lga qo'ygan.

2025-yilda esa kompaniya Smart Bank asosiy aksiyadoriga aylanadi. Bank xususiylashtiriladi va nomi o'zgartiriladi. Open Bank nomi qayerdan kelib chiqqani endi tushunarli bo'lsa kerak.

Bank saytidagi hamda Statistika qo'mitasi ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, 23-yanvar holatida "Open Bank" AJ aksiyalari paketiga "Future open technology group" AJ (85,07 foiz), Komilxo‘ja Sultonov (10 foiz) hamda Zafar Adilov (4,93 foiz)lar egalik qiladi.

Izohlash uchun, Agrobank sotib yuborgan raqamli bank loyihasini endi qaytarib sotib olishi mumkin.

Ma'lumot uchun, Open Bank 2025-yilni 8,2 mlrd so'm sof foyda bilan yakunlagan.

Agrobank 2026-yilda esa bu bankni yana to'liqligicha qayta sotib oladimi yoki qisman ulush oladimi - bunga aniqlik kiritilmagan.

Agarda Agrobank bankni to'liqligicha qaytarib sotib olsa, sotib olganda ham qimmatroqqa qaytarib olsa, unda tabiiy bir savol tug'iladi. Bu 1 yil oldin sotilgan bankning foydasi 4 barobarga oshgandan keyin qaytarib sotib olishmi? Yoki puxta o'ylangan moliyaviy sxemami? Bunga hozircha aniqlik kiritish qiyin.


#agrobank#open bank#Smartbank#Open

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar