Fond birjasida Ipoteka-bank va SQB aksiyalari bo‘yicha savdolar tiklandi

28.01.2026 08:34
Toshkent fond birjasida SQB va Ipoteka-bank oddiy aksiyalari bo‘yicha savdolar qayta yo‘lga qo‘yildi. Ularning aksiyalari bilan bog‘liq savdolar 21-yanvar kuni aksiya narxlari keskin oshib ketganligi sababli vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Fond birjasida Ipoteka-bank va SQB aksiyalari bo‘yicha savdolar tiklandi

Foto: Toshkent fond birjasi

Toshkent fond birjasida SQB va Ipoteka-bank oddiy aksiyalari bo‘yicha savdolar tiklandi. Bu haqda birja matbuot xizmati xabar berdi

Ushbu qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha bitimlar bir haftalik tanaffusdan so‘ng yana davom ettirilmoqda.

Vaqtinchalik cheklov sababi

2026-yilning 6-19-yanvar kunlarida Toshkent fond birjasida har ikki bank aksiyalarining narxi g‘ayrioddiy va keskin tarzda oshgan edi. 

Savdo qoidalariga ko‘ra, narxlarning asossiz va haddan ziyod tez o‘zgarishi bozor manipulyatsiyasining oldini olish maqsadida savdolarni to‘xtatib turishga asos bo‘ladi. 

Shu bois, 2026-yil 21-yanvardan boshlab mazkur banklarning aksiyalari bilan bog‘liq amaliyotlar vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Birjaning nazorat komissiyasi nimalarni o‘rgandi?

Savdolar to‘xtatilgan davrda birjaning nazorat komissiyasi vaziyatni har tomonlama tahlil qildi. 

Tekshirish jarayonida asosiy e’tibor quyidagi omillarga qaratildi:

  • bank tomonidan e’lon qilingan oxirgi muhim faktlar;
  • yangiliklar va axborot muhiti;
  • bankning moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;
  • aksiyalar narxlarining so‘nggi uch yildagi tarixiy dinamikasi;
  • amalga oshirilgan bitimlar parametrlari.

SQB aksiyalari bo‘yicha 15 ta investitsiya vositachisining faoliyati chuqur tahlil etildi

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, bitimlar asosan bir martalik xususiyatga ega bo‘lib, investorlarning mustaqil qarorlari asosida amalga oshirilgan.

Ipoteka-bank aksiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvda ularni sotib olgan investorlar savdolar to‘g‘risida ijobiy fikr bildirgani aytildi.

Narxlar o‘sishining fundamental asoslari

Tekshiruvlar davomida narxlarning ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatgan yana bir muhim omil aniqlandi. 

2026-yil 8-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi SQB’ning 30 foiz oddiy aksiyalariga egalik qila boshlagani haqidagi ma’lumot rasman e’lon qilingan

Bu yangilik bozor ishtirokchilari orasida bank istiqboliga bo‘lgan qiziqishni va ijobiy kutilmalarni sezilarli darajada oshirgan. 

Shuningdek, umuman bank sektoriga bo‘lgan investorlar ishonchining ortishi ham narxlarning tabiiy o‘sishiga zamin yaratgani aytildi.

Savdolar qanday tartibda davom etadi?

Savdo qoidalariga asosan, nazorat komissiyasi barcha holatlarni inobatga olib, savdolarni qayta tiklash haqida qaror qabul qildi. 

Shunday qilib, SQB va Ipoteka-bank oddiy aksiyalari bilan savdolar 2026-yil 28-yanvardan boshlab 2026-yil 20-yanvarda shakllangan yopilish narxi asosida qayta tiklandi.

#sqb#ipoteka-bank#Toshkent_fond_birjasi

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar