2026-yil 29-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 gramm oltin quymasining sotish narxi 2 mln 173 ming so‘mni tashkil etmoqda.
E’tiborli jihati, oltin quyma narxlari ketma-ket sakkizinchi kun rekord qayd etmoqda.

29.01.2026 / Manba: Markaziy bank
Taqqoslash uchun, oltin quyma narxlari yil boshiga nisbatan 24,4 foizga, o‘tgan yilning ayni shu kuniga nisbatan esa 84 foizga oshgan.
Sodda qilib aytganda, yil boshida oltin quymasini sotib olganlar 24,4 foiz, o‘tgan yil boshida sotib olganlar esa 84 foiz daromad ko‘rdi.
Biroq bu yerda bir narsani unutmaslik kerak: oltin quymasini qaytarib bankka sotishda narxlar sotib olgandagiga qaraganda 4 yoki 5 foiz arzonroq bo‘ladi.
Avvalroq, O‘zbekistonda oltin quymalarini qanday va qayerdan sotib olish haqida ma’lumot bergandik.
Oltin narxi nega oshmoqda?
29-yanvar soat 9:45 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning 1 troy unsiyasi narxi 5560 dollarni tashkil etmoqda. Bu tarixda kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Taqqoslash uchun, 2025-yil boshida bu ko‘rsatkich 3000 dollarga ham yetmagan edi.
Narxlarning oshish sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu jarayon geosiyosiy noaniqliklar fonida yuz berayotgani aytilmoqda.
Reuters nashrining yozishicha, global geosiyosiy noaniqliklarning kuchayishi investorlarni xavfsiz aktivlarga yo‘naltirdi. Siyosiy keskinliklar fonida oltin eng ishonchli vosita sifatida qaralmoqda.
Shuningdek, AQSh ma’muriyati va AQSh aktivlariga bo‘lgan ishonchning pasayishi muhim omil sifatida qayd etildi.
Tramp ma’muriyatining so‘nggi paytlardagi keskin va kutilmagan qarorlari bozorlarda xavotirni kuchaytirdi. Nashrga ko‘ra, savdo urushlari va bojlar bilan bog‘liq tahdidlar ham oltin narxiga bosim o‘tkazdi.
Xususan, Yevropa davlatlari, Kanada va Fransiya vino hamda shampanlariga yuqori boj joriy etilishi haqidagi bayonotlar investorlar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, AQSh dollarining zaiflashuvi oltinning qiymatini oshirdi. Yaponiya milliy valyutasi yen kuchayishi fonida dollar qadrsizlanib, oltin boshqa valyutalardagi investorlar uchun yanada jozibador bo‘ldi.
Nashr ta’kidlashicha, AQSh pul-kredit siyosatining yumshatilishi kutilishlari ham oltin narxini qo‘llab-quvvatladi.
Foiz stavkalarining pasayish ehtimoli oltin kabi daromad keltirmaydigan, ammo xavfsiz aktivlarga talabni oshirmoqda.
Shu bilan birga, markaziy banklarning faol oltin xaridlari muhim omil sifatida ko‘rsatildi. Ayniqsa, Xitoyning ketma-ket 14 oy davomida oltin sotib olishi bozor uchun kuchli signal bo‘ldi.
Tahlilchilarning fikricha, investorlarning oltinni yagona muqobil va xavfsiz aktiv sifatida ko‘ra boshlashi oltin narxining tarixiy cho‘qqiga chiqishiga olib keldi.
