Agrobank Kuzatuv kengashiga JPMorgan top-menejeri kiritildi
5-fevral kuni Agrobank aksiyadorlari yig‘ilishida bir qancha qarorlar qabul qilindi.
Jumladan, Yan Tavrovskiy uch yil muddatga bank Kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi etib saylandi.
Shuningdek, bankning xavf-xatarlarni boshqarish va muvofiqlik bo‘limlari endi bank boshqaruviga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kuzatuv kengashiga hisobot beradigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Tavrovskiy JPMorgan Bank International prezidenti va direktorlar kengashi a’zosi sanaladi.
SQB bosh moliya direktori bank boshqaruvi a’zoligiga kiritildi
18-fevral kuni SQB Kuzatuv kengashi qarori bilan Orshoya Ekler bank boshqaruvi a’zoligiga kiritildi.
Endi u bankning strategik va operatsion qarorlarida ishtirok eta oladi.
Orshoya 2024-yilning noyabr oyidan beri bankning bosh moliya direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Vengriyalik mutaxassis 30 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida bir qancha tashkilotlarning yuqori lavozimlarida ishlagan.
Turonbank bosh buxgalteri bank boshqaruvi a’zoligiga kiritildi
19-fevral kuni Turonbank Kuzatuv kengashi qarori bilan Sherzod Bozorov bank boshqaruvi a’zoligiga kiritildi.
Endi u bankning strategik va operatsion qarorlarida ishtirok eta oladi.
Ma’lumot uchun, Bozorov Turonbank bosh buxgalteri hisoblanadi.
Uzum Bank ustav kapitalini 370 mlrd so‘mga oshirmoqda
16-fevral kuni Uzum Bank Kuzatuv kengashi bankning ustav kapitalini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bu maqsadda nominal qiymati 1 ming so‘m bo‘lgan 370 mln dona aksiya chiqarildi.
Mazkur aksiyalar bankning yagona aksiyadori — “UB Assets Holding” MChJga yopiq obuna yo‘li bilan joylashtiriladi.
Jarayon yakuniga yetgach, bankning ustav kapitali 370 mlrd so‘mga ko‘payib, 970 mlrd so‘mga yetadi.
Yangi Bank omonatchilarining 98 foiz omonat mablag‘lari to‘lab berildi
20-fevral soat 10:00 holatiga ko‘ra, Yangi Bank omonatchilariga 204 mlrd so‘m to‘lab berildi.
Bu jami to‘lanishi belgilangan kafolatlangan omonatlarning 98 foizini tashkil etadi.
.jpg)
Manba: OKA
To‘lab berilgan mablag‘larning 2,5 mlrd so‘mi yuridik shaxslar, 195 mln so‘mi yakka tartibdagi tadbirkorlar, qolgan qismi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, Yangi Bank omonatchilarining kafolatlangan mablag‘lari BRB orqali to‘lab berilmoqda.
Toshkentda bank xodimi besh sutkaga qamaldi
Toshkent shahridagi Rohat mehmonxonasida ayol hamkasbining xonasiga kirib, unga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgan 25 yoshli bank xodimi 5 sutkaga qamaldi.
Sud hujjatiga ko‘ra, hodisa 2025-yil 18-dekabrdan 19-dekabrga o‘tar kechasi Chilonzor tumanidagi mehmonxonada yuz bergan.
Tomonlarning bank tizimida ishlashi va xizmat safari bilan Toshkentga kelgani aytilgan.
Sud qaroriga muvofiq, erkak 5 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Jazo muddati 2026-yil 18-fevraldan boshlab hisoblanadi.
Shuningdek, ma’muriy qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun undan 309 ming so‘m undirilishi belgilandi.
TBC Bank 45 mln dollar kredit jalb qilmoqda
18-fevral kuni TBC Bank Kuzatuv kengashi qarori bilan bank va DEG instituti o‘rtasida bitim tuzildi.
Bitimga ko‘ra, institut bankka 45 mln dollar kredit ajratadi. Bu summa bank aktivlarining 21,78 foizini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, DEG (Deutsche Investitions-und Entwicklungsgesellschaft MBH) Germaniyadagi yirik moliyaviy institutlaridan biri hisoblanadi.
