27-fevral kuni KDB Bank Uzbekistan aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, Joo Dong Bin bank boshqaruvi raisi etib tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, 23-fevral kuni KDB Bank Uzbekistan Kuzatuv kengashining qarori bilan Li Yon Lok bank boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilgan edi.
Boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajarish esa bankning boshqaruvchi direktori Kim Xan Sunga yuklatilgandi.
Ma’lumot uchun, Joo Dong Bin nomzodi bankning asosiy aksiyadori — Janubiy Koreya Taraqqiyot banki tomonidan ma’qullangan.
Joo Dong Bin ushbu tayinlovga qadar Koreya Taraqqiyot bankining Moliyaviy boshqaruv bo‘limi ijrochi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Kuzatuv kengashi tarkibidagi o‘zgarish
27-fevral kuni KDB Bank Uzbekistan aksiyadorlarining qarori bilan Seo In Vonning bank Kuzatuv kengashidagi vakolati muddatidan oldin tugatildi.
Uning o‘rniga Koreya Taraqqiyot bankining Global biznes departamenti bosh menejeri Kim In Yon bank Kuzatuv kengashi a’zosi etib tayinlandi.
