UzVC va AloqaVentures fondlarining zypl.ai startapiga kiritgan puli 13 baravar ko‘paydi

12.03.2026 05:32
11-mart kuni zypl.ai startapi 80 mln dollarga baholandi. AloqaVentures va UzVC venchur fondlari ushbu startapning dastlabki investorlaridan biridir. Joriy baholash bo‘yicha fondlarning daromadi mos ravishda 9,7 va 13,3 barobarni tashkil etmoqda.
UzVC va AloqaVentures fondlarining zypl.ai startapiga kiritgan puli 13 baravar ko‘paydi

Foto: AloqaVentures

11-mart kuni zypl.ai startapi investor Hofiz Shahidiydan 2 mln dollar sarmoya jalb qilganini e’lon qildi. Bitim natijasida startap 80 mln dollarga baholandi

Ushbu startap 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2022-yilda 6 mln dollarga baholanib, dastlabki sarmoyasini olgan edi. 

O‘sha bosqichda startapga AloqaVentures fondi 150 ming dollar, UzVC venchur fondi esa 100 ming dollar sarmoya kiritgan. 

Shu mablag‘ evaziga AloqaVentures startapning 2,5 foiz, UzVC esa 1,67 foiz ulushini qo‘lga kiritgandi. 

2025-yilning oktyabr oyiga kelib AloqaVentures startapdagi ulushining yarmini 6,02 karra daromad bilan, aniqrog‘i, 451,5 ming dollarga sotgan. 2026-yil 11-mart kuni startapning 80 mln dollarga baholanishi natijasida AloqaVentures ixtiyorida qolgan 1,25 foiz ulushning qiymati 1 mln dollarni tashkil etmoqda. 

Shunday qilib, fondning sotilgan va ixtiyoridagi ulushlari qiymati 1,45 mln dollarga yetdi. Bu dastlab kiritilgan sarmoyadan 9,7 barobar ko‘p. 

UzVC venchur fondining ahvoli esa yanada yaxshiroq. Fond dastlabki bosqichda kiritgan sarmoyasini sotmasdan, to‘lig‘icha saqlab kelmoqda. 

Bu fondning joriy baholash bo‘yicha daromadi 1,34 mln dollarni tashkil etayotganini ko‘rsatadi. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich fond kiritgan dastlabki sarmoyadan 13,3 barobar ko‘pdir. 

Umuman olganda, har ikki fondning ham startapda ulushi qolganligi sababli, yakuniy daromad bundan-da yuqori bo‘lishi mumkin. 

Avvalroq, Datatruck startapi 12 mln dollar sarmoya jalb qilgani haqida xabar bergandik.

#zypl.ai#aloqaventures#uzvc

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar